Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va allaqachon hisoblangan soliqlarni to‘liq to‘lamaslik qanchalik yomon bo‘lsa, iqtisodiyotdagi yashirin aylanma ham shunchalik yomon ekanligiga shubha yo‘q. Hisoblangan soliqlarni to‘liq to‘lamaslik hatto ahmoqlik ham. Bularning barchasi, albatta, aniqlanishi, jilovlanishi hamda jazolanishi lozim.

Shu bilan birga, har qanday hisoblangan soliqlarni to‘liq hisobga olish va so‘zsiz undirish Davlat soliq qo‘mitasining (DSQ) vazifasi va bevosita majburiyati hisoblanadi (O‘zbekiston Soliq kodeksining 27-moddasi). Buning uchun DSQda barcha huquq va vositalar mavjud. To‘liq to‘lanmagan soliqlarni majburan undirish bo‘yicha huquq va vositalar ham shular jumlasidan (Soliq kodeksining 13−15-boblari).

So‘nggi paytlarda soliq ma’murchiligidagi yangiliklar, jumladan, ancha avval e’lon qilingan «risk-analiz» dasturi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentabrdagi 595-sonli qarori (asosiy qoidalari 2021 yil 22 dekabrdan kuchga kirgan) aynan yashirin aylanmani qisqartirishga qaratilgan.

Biroq, yashirin aylanmaga qarshi to‘g‘ridek ko‘rinayotgan chora-tadbirlar korxona rahbarlari va buxgalterlari orasida, shu jumladan, menda bahs-munozaralar, e’tirozlar va tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi.

Nima bo‘ldi o‘zi? Nazarimda, so‘nggi yangiliklar bo‘yicha «birinchi qo‘l»dan izoh olishni istayotgan yolg‘iz men emasman. Yangiliklar ko‘p, biroq men faqat ikkitasi bilangina cheklanaman — «QQS bo‘yicha soliq uzilishlari koeffitsiyenti» va QQS to‘lovchi sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish.

Bizning kichik biznesimiz ofis jihozlarini ta’mirlash bilan shug‘ullanadi va dunyoning bir qancha yetakchi ishlab chiqaruvchilari tomonidan tasdiqdan o‘tgan. 22 dekabr kuni, mamlakatning boshqa ko‘plab tadbirkorlari singari biz ham, elektron hisobvaraq-fakturaning standart shaklidagi yangi ustun — «QQS bo‘yicha soliq uzilishlari koeffitsiyenti»ga ko‘zimiz tushganida, hayron qoldik. Bizning holatimizda u 1,0 ga teng bo‘lib, to‘q qizil rangda aks ettirilgan edi.

Kompaniya xodimlari bilan, ushbu yangilikning ommaviy axborot vositalari va buxgalteriya forumlaridagi muhokamalaridan shuni angladikki, to‘q qizil rangdagi birlik — bu juda yomon ekan! Buning ustiga, korxonamiz amalda «soliq riskining past darajasi» maqomiga ega (2021 yil sentabrdan boshlab DSQ barcha korxonalar uchun risk maqomlarini belgilaydi).

2021 yil 23 dekabrda Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etilgan 595-sonli qarori kuchga kirdi, shuning uchun «koeffitsiyent»ning nima ekanligini yaxshiroq tushunish umidida uni yana bir bor sinchiklab o‘rganib chiqdik, biroq qarorda u tilga olingan biror o‘ringa duch kelmadik. Uchta risk guruhi haqida so‘z yuritilgan, ammo «koeffitsiyent» va uni hisoblash haqida — hech qanday gap-so‘z yo‘q.

Biz zudlik bilan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasiga EHFdagi bunday «xunuk» rangning sababini izohlash yuzasidan so‘rov yubordik. Va batafsil javobni 12 yanvar kuni oldik.

Davlat soliq boshqarmasi «QQS bo‘yicha soliq uzilishlari koeffitsiyenti»ning eng yuqori ko‘rsatkichiga ega bo‘lishimiz sababi yigirmadan ortiq uchinchi tomon kontragentlari bilan bog‘liqligini ma’lum qildi (ushbu korxonalar ro‘yxati ilova qilingan holda) — 2021 yil davomida o‘z tadbirkorlik faoliyatimizni amalga oshirish maqsadida biz ulardan tovar va xizmatlar xarid qilganmiz.

Davlat soliq inspeksiyasi xatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri, mazkur korxonalar tomonidan budjetga to‘langan QQS tasdiqlanmaganligi ko‘rsatilgan. Shuning uchun, bizga «QQS uzilishi»ning shunday yuqori, to‘q qizil darajasi munosib ko‘rilgan.

Xayolga kelgan birinchi narsa — bu korxonalarga qaratilgan achchiq va qattiq so‘zlar bo‘ldi, chunki yanvar oyi boshidayoq ikkita mijozimiz biz bilan ishlashdan bosh tortganliklari haqida xabar berishdi — to‘q qizil «koeffitsiyent» bilan ular uchun «toksik» bo‘lib qoldik.

Ikkinchidan, paysalga solib o‘tirmay, sanab o‘tilgan barcha korxonalarni DSQning ma’lumot bazalarida tekshirib chiqdik. Xayriyatki, ular DSQning rasmiy veb-сайтиdaочиқ joylashtirilgan.

Natijada barcha kontragentlarimiz (bittasidan tashqari) to‘liq «toza» ekanliklarini aniqlab, hayron qoldik (va ular sha’niga aytilgan asossiz «epitetlardan» hijolat tortdim).

14 yanvar holatiga ko‘ra, kontragentlarimiz to‘g‘risida, mana, aynan nimani ko‘rganimiz — DSQning barcha ma’lumotlar bazalari bo‘yicha, ro‘yxatda keltirilgan barcha korxonalar uchun:

  • QQS to‘lovchisi sifatida «FAOL» maqomiga ega;
  • soliqdan qarzi YO‘Q;
  • ishonchsiz korxonalar ro‘yxatida EMAS.

Faqat bitta korxona xuddi biz singari to‘q qizil koeffitsiyentga ega va 424 ming so‘mga yaqin QQS qarzdorligi mavjud edi (bundan tashqari, ushbu korxona davlat unitar korxonasi tashkiliy shakliga ega edi).

Birinchi savol shu yerda tug‘ildi — «risk-analiz» dasturi «uzilish koeffitsiyenti»ni belgilash uchun ma’lumotni qayerdan oladi? Negaki, DSQning o‘z ma’lumot bazasiga ko‘ra, bu korxonalarning barchasi «toza» bo‘lib chiqdi. Shuningdek, men ushbu sirli koeffitsiyentni hisoblashning metodologiyasi va dastlabki ma’lumotlarini hamda ular qayerda taqdim etilganligini bilmoqchiman. Chunki uning tavsifi va hisoblash metodlarini hech qayerdan, hech qanday me’yoriy hujjatdan topishning imkoni bo‘lmadi.

Va ikkinchi savol. «QQS bo‘yicha soliq uzilishi koeffitsiyenti» qachon va qaysi hujjat bilan muomalaga kiritildi va, eng asosiysi, ushbu koeffitsiyent moliyaviy va soliq hisobotining asosiy shakllaridan biri bo‘lgan EHF shakliga qaysi asosga ko‘ra kiritilgan?

Ko‘rib turganingizdek, bunga faqat Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi 489-sonli qaroriga o‘zgartirish/qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi hukumat qarori asos bo‘lishi mumkin.

EHF shakli ushbu qarorning 2-ilovasida keltirilgan. Hukumat qaroriga har qanday o‘zgartirish esa faqat hukumat qarori bilan kiritilishi mumkin.

Vazirlar mahkamasining 489-sonli qaroriga oxirgi o‘zgartirishlar 2021 yil 7 yanvar va 22 sentabrda kiritilgan. Bunda hech qanday koeffitsiyent haqida so‘z yo‘q.

Shunday qilib, agar Vazirlar Mahkamasining qaroriga o‘zgartirish/qo‘shimchalar kiritishning qonuniy tartibiga rioya qilinmagan bo‘lsa (o‘zgartirishlar hali hech qayerda aks ettirilmagan), unda yangi «koeffitsiyent» ustuni noqonuniy hisoblanadimi? DSQ va Adliya vazirligining hurmatli huquqshunoslari, sizning fikr-mulohazalaringizni bilishni juda xohlar edim.

Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori mazmun-mohiyatining ayrim tafsilotlariga e’tibor qaratishni lozim deb topdim. Uning 1-ilovasi bilan QQS to‘lovchilarni hisobga olish to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlandi. Shu bilan birga, amaldagi, DSQning o‘zi tomonidan tasdiqlangan (Adliya vazirligida 2020 yil 2 mayda 3232-son bilan ro‘yxatga olingan) xuddi shunday nizom bekor qilinmagan. Natija — bitta protsedura bo‘yicha ikkita har xil hujjat.

Vazirlar mahkamasining 595-sonli qaroridagi yangi tartibning «eski"sidan asosiy farqi shundaki, yangisi soliq to‘lovchilarni soliq risklari va bu risklarning oqibatlariga ko‘ra uch darajaga tasniflashni joriy qiladi. Ularning eng «dahshatli» belgilari («yuqori risk darajasi») 1-ilovaning 16-bandida ko‘rsatilgan. Unda 13 ta xususiyat sanab o‘tilgan bo‘lib, ularning istalgan bittasiga ega bo‘lgan korxona yuqori risk guruhiga kiritiladi.

Biroq o‘n uchtadan faqat ikkitasigina soliqlarning aynan shu korxona tomonidan to‘lanishi (yoki to‘lanmasligi) bilan bog‘liq (bu nyuansni eslab qoling, bir necha paragraflarda kerak bo‘ladi).

20-bandda aytilishicha, 13 ta belgining istalgan bittasiga asoslangan «yuqori risk darajasi» QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishni rad etishga olib keladi. Bir qarashda tushunarli mezondek — har qanday shubhali korxonalardan voz kechish. To‘g‘ri, bu Soliq kodeksining 237 va 461-moddalariga mos kelmaydi, bunda aylanmasi 1 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan har qanday yuridik shaxs qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lishga majbur. Majbur!

Va buning uchun ro‘yxatdan o‘tish kerak. Biroq Vazirlar mahkamasining 595-sonli qaroriga 1-ilovaning 20-bandiga binoan, DSQ buni rad etishi mumkin.

Soliq kodeksida bunday ro‘yxatdan o‘tishni rad etish imkoniyati va sabablari haqida hech qanday eslatma topa olmadim. Bunda men turli darajadagi normativ hujjatlar (kodeks darajasi hukumat qarori darajasidan yuqori) o‘rtasidagi huquqiy ziddiyat va qarama-qarshilikka duch keldim. Shu bo‘yicha ham DSQ va Adliya vazirligi huquqshunoslarining fikr-mulohazalarini bilishni xohlar edim. Lekin bu hali hammasi emas.

Ko‘rib chiqilayotgan 1-ilovaning 31-bandiga ko‘ra, «yuqori risk darajasi» belgilari nafaqat soliq to‘lovchini ro‘yxatga olish bosqichida, balki amaldagi, ilgari ro‘yxatdan o‘tgan to‘lovchilar uchun ham amal qiladi. Bundan tashqari, kundalik monitoring rejimida (32-band).

Ya’ni, bu Davlat soliq qo‘mitasiga QQS to‘lovchi sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish huquqini beradi — va buning oqibatida kontragentlar uchun ham QQSni hisobga olish rad etilishi mumkin!

Biroq Soliq kodeksiga ko‘ra, QQSni hisobdan olishni bekor qilish uchun birgina sabab mavjud — bu qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilganligi isbotlangan bitim (Soliq kodeksining 266-moddasi oxirgi bandi). Turli darajadagi huquqiy hujjatlar o‘rtasida yana qarama-qarshilikka duch kelinmayaptimi? (kodeks darajasi Vazirlar mahkamasi qarori darajasidan yuqori).

Bir qarashda ushbu yangilikni joriy etishda muayyan mantiq bor: agar kimdir budjetga QQS bo‘yicha o‘z ulushini kamroq to‘lagan bo‘lsa, bu ulushni kontragent uchun ham hisobga olishga asos yo‘q.

Lekin mohiyatan bu mantiq rasmiy, «arifmetik»: pul yo‘q — hisobga olish yo‘q. Va bu yondashuvda nimadir chalkash, nimadir noto‘g‘ri. Masalan: pul nega «yo‘q»? Keling, endi nizomga muvofiq va huquqiy mantiqni ko‘rib chiqamiz. «Pul»ni kim to‘lashi kerak va «nishonni uchinchi shaxsga yo‘naltirish» qonuniy jihatdan qanchalik asosli?

Takror aytaman, DSQning yashirin aylanma va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashga qarshi mutlaq adolatli kurashini so‘zsiz olqishlayman. Lekin bu «adolatli» kurash doirasida DSQ vijdonli soliq to‘lovchiga shunday deydi: sizning kontragentingiz qayerdadir qoqildi, «yuqori risk» toifasiga tushib, QQS to‘lovchi maqomini yo‘qotdi. Shuning uchun, siz [u tomonidan to‘lanishi kerak bo‘lgan] QQSni o‘z hisobingizga ololmaysiz, balki uni to‘liq o‘zingiz to‘laysiz (xo‘sh, nima qipti, buning sizga nima zarari bor?).

Bu kontragent aslida nima sababdan QQS to‘lovchi maqomini yo‘qotdi: aynan soliq to‘lamaganlik uchunmi yoki boshqa sabablarga ko‘ra? Afsuski, bunisi muhim emas ko‘rinadi. Garchi yana «boshqa» 11 ta sabab mavjud bo‘lsa ham (13 tadan). Nahotki bu mantiqiy va to‘g‘ridek ko‘rinayotgan bo‘lsa?

Nihoyat, uchinchi savol ochildi. Soliq idoralari to‘lanmagan soliqlarni «qahramon»ning o‘zidan undirib olishga urinib ko‘rishganmi? O‘sha to‘lamaganlarning o‘zidan.

Maqolaning boshida yozganimdek, bu DSQning vazifasi va bevosita majburiyati hisoblanadi (Soliq kodeksining 27-moddasi). Va DSQ aybdordan soliqlarni majburan undirish uchun barcha huquq va vositalarga ega!

Huquqiy mantiq aynan shu yerda: o‘z jinoyati uchun javobgarlikni aybdorning o‘zi zimmasiga oladi va uning javobgarligini boshqa shaxsga o‘tkazish mumkin emas.

Hozirgi vaziyatda moliyaviy majburiyatni aybdorga tashkiliy jihatdan mutlaqo aloqador bo‘lmagan uchinchi shaxsga yuklash — bu qonunchilik va soliq amaliyotida mutlaqo yangi, biroq ilg‘or so‘zdek ko‘rinadi (men ushbu yangilik mualliflari jamoasi tarkibini e’lon qilishni taklif etishni istardim, lekin bunday qilmayman).

Taxminlarim va shubhalarim o‘rinsiz bo‘lib chiqsa, xursand bo‘laman. Hurmatli vakolatli davlat organlari, marhamat qilib, oydinlik kiritsangiz.

P.S.

Shuningdek, Soliq kodeksiga muvofiq vakolatli bo‘lganlar tomonidan kiritiladigan QQSni hisobga olish bo‘yicha cheklovlar hamda QQSni qaytarish bo‘yicha cheklovlarning oqibatlari haqida o‘z fikrimni bildirmoqchiman.

— QQS bilan soliqqa tortishning boshqa shakllari (masalan, yagona soliq yoki aylanma solig‘i) o‘rtasidagi asosiy va prinsipial farq — bu mahsulot (tovar / xizmatlar) bo‘yicha umumiy soliq yukini ushbu mahsulotning butun ishlab chiqarish zanjiri bo‘ylab ushbu mahsulotga qo‘shilgan qiymat bilan mutanosib ravishda taqsimlashdir. Soliqlarni taqsimlash kiritilgan QQSni «hisobga olish» mexanizmi orqali amalga oshiriladi.

Bu ishlab chiqarish zanjirining har bir ishtirokchisiga va natijada yakuniy mahsulotga soliq yukini oqilona va adolatli tarzda kamaytirish imkonini beradi.

Aynan shu nuqtai nazardan QQS tizimi dunyoning aksariyat mamlakatlarida qo‘llaniladi.

— Biroq kiritilgan QQSni hisobga olishga ruxsat etilmas ekan, u zanjirning har bir bosqichida 13% aylanma solig‘iga aylanadi (yagona soliq yoki aylanma solig‘i stavkalarini solishtirib ko‘ring — 5%, 4%). Buning natijasi kundek ravshan — yakuniy mahsulot tannarxi qabul qilib bo‘lmaydigan darajagacha ko‘tarilib ketadi.

Natijada korxonada ishlab chiqarish hajmi qisqarishi va uning budjetga to‘lovlari ham, o‘z navbatida, kamayishi mumkin.

Eksportyorlar uchun esa QQSni qaytarishni cheklash eksport hajmini kamaytirishi mumkin. Va, tabiiyki, valyuta tushumlarining kamayishi, tashqi savdo balansi saldosining yomonlashishi kuzatiladi va… Milliy valyuta kursi haqida nima deyish mumkin?

Ehtimol men bo‘rttirib yuborgandirman, lekin bunday tushkun ssenariy ehtimolligini Markaziy bank va Moliya vazirligi ko‘rib chiqa qolsin. Ularga yaxshiroq ko‘rinadi …

Vladimir Srapionov — Toshkentdagi korxonalardan birining direktori.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Ushbu maqola «Gazeta.uz»ning rus versiyasida 26 yanvar kuni soat 20:59 da e’lon qilingan edi. 27 yanvar kuni soat 09:36 da Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ushbu maqolaga qo‘mita mutaxassislari javob berishini ma’lum qildi.