Ayni vaqtda bo‘lib o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev kechagi elektr energiya ta’minoti uzilishi bo‘yicha munosabat bildirdi, deb xabar berdi bloger Aziza Qurbonova.

«Biz bugungi kunda global dunyoda yashamoqdamiz. Global olamda hamma narsa bir-biriga bog‘liq. Har bir odamning hayoti butun insoniyat hayoti bilan yanada ko‘proq bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Olis-yaqin hududlarda yuz berayotgan turli ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar, texnogen ofatlar bizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi», — dedi u.

Davlat rahbari «kuni kecha elektr ta’minoti bo‘yicha sodir bo‘lgan texnik uzilish bir zumda butun mintaqa hayotida kuchli aks-sado berganiga barcha guvoh bo‘lgainin» aytdi.

«Bu avariyadan o‘sha zahotiyoq xabar topib, darhol hukumat komissiyasini tuzishga topshiriq berdim, — dedi prezident. — Komissiya, tarmoq va hudud rahbarlari bilan doimiy muloqotda bo‘lib, avariya hamda uning iqtisodiyot va aholi hayotiga salbiy ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni, shaxsan nazoratimga oldim».

«Bunday holatda xalqimiz ham vaziyatni to‘g‘ri qabul qilib, sarosimaga tushmadi. Fursatdan foydalanib, avvalo sabr-toqatli xalqimizga, shuningdek, ushbu vaziyatni bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatgan barcha soha va idoralar xodimlariga, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu hodisadan to‘g‘ri xulosa qilib, O‘zbekiston taraqqiyotini davrning global muammolari bilan yanada bog‘liq holda ko‘rish kerak». Bu boradagi mavjud tahdid va muammolarni bartaraf etishga doimo tayyor turish zarurligini ta’kidladi.

«Tinch-osoyishta hayot osmondan tushmaydi. Bu hayotni qadrlash, asrab-avaylash, bu hayotni himoya qilish kerak.» — prezident