O‘zbekistonda xalqaro moliya institutlarining (XMI) kreditlari va davlat tashkilotlarining xalqaro kreditlari (DTXK) hisobiga tovarlar importiga nisbatan qo‘llaniladigan soliq imtiyozlarini bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Bugungi kunda Soliq kodeksiga muvofiq, tovarlarni olib kirish, shuningdek, XMI va DTXK kreditlari hisobiga sotib olingan tovarlarni (xizmatlarni) sotish bo‘yicha aylanmalar soliq solishdan ozod qilingan.

Dilshod Sultonov Moliya vazirligi tomonidan «biznes qarorlari va raqobatga ta’sir etuvchi» ushbu imtiyozlarni bekor qilish choralari ishlab chiqilayotganini aytdi.

«Agar bu xalqaro moliya institutlari hisobidan amalga oshirilsa, import qiluvchiga tovarlarni qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona to‘lovlarisiz olib kirish huquqini beradigan imtiyoz mavjud. Bu imtiyoz [Soliq] kodeksida ham nazarda tutilgan… Ammo yana bir holat borki, bu mablag‘lar bevosita xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, masalan, ayrim quvvatlarni qayta tashkil etish uchun emas, balki tijorat banklari orqali tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratiladi», — deya qayd etdi u.

«Agar siz o‘z hisobingizdan to‘lasangiz va men imtiyozli kredit olgan bo‘lsam, siz barcha bojxona to‘lovlarini to‘laysiz, men esa hech narsa to‘lamayman. Va biznes qarorlarini qabul qilish juda oddiy bo‘ladi: men foyda olish uchun kredit olishga harakat qilaman. Bunday bo‘lmasligi kerak», — dedi vazir o‘rinbosari.

Dilshod Sultonovning ta’kidlashicha, bu borada Moliya vazirligi XMI bilan muzokaralar olib bordi.

«Ha, xalqaro moliya institutlari oldida muayyan majburiyatlar olindi. Hozir biz ular bilan hamma narsani qayta va yangidan ishlab chiqdik va buni taklif qilmoqchimiz. Bu jiddiy pul talab qiladi (qisman QQS krediti bilan birga). Olti oy davomida 470 mlrd so‘m hisoblab chiqdik. O‘ylaymanki, biz birgalikda bunga erishamiz», — dedi u.

Avvalroq, 2021 yildan O‘zbekistonda imtiyozli kreditlash siyosatini bekor qilish rejalashtirilgan edi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli bu rejalarni keyinga surishga to‘g‘ri keldi, deya ta’kidlagan edi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili imtiyozli shartlarda kreditlarning 24,6 foizi berilgan va bu 2018 yilga nisbatan 2 barobar kamroq. Shu bilan birga, imtiyozli kredit portfeli tarkibida muammoli kreditlarning ulushi yuqori darajada qolmoqda.