23 yanvar kuni AQSh Davlat departamenti AQShning Kiyevdagi elchixonasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yollangan xodimlarga Ukrainani ixtiyoriy ravishda tark etishga ruxsat berdi va xodimlarning oila a’zolariga mamlakatni tark etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda Davlat departamentining Konsullik masalalari byurosi xabarida aytildi.

Xodimlarning ixtiyoriy ravishda ketishiga «Rossiya harbiy harakati tahdidi saqlanib qolayotganligi sababli ruxsat berilgan», deyiladi xabarda.

Ukrainada qolayotgan AQSh fuqarolari tijoriy yoki boshqa transport vositalaridan foydalangan holda mamlakatni tark etish haqida o‘ylashlari kerak, deya tavsiya qildi byuro.

«Rossiya Ukrainaga qarshi jiddiy harbiy harakatlar rejalashtirayotgani haqida xabarlar bor. Xavfsizlik sharoitlari, ayniqsa Ukraina chegaralari, Rossiya tomonidan bosib olingan Qrim va Rossiya nazorati ostidagi Ukraina sharqida vaziyatni oldindan aytib bo‘lmaydi va keskin yomonlashishi mumkin. Butun Ukraina bo‘ylab, jumladan Kiyevda ham ba’zida zo‘ravonlikka aylanib ketadigan namoyishlar muntazam bo‘lmoqda», — deyiladi bayonotda.

Departament Rossiyaning harbiy harakatlari va COVID-19 tahdidining kuchayishi sababli Ukrainaga sayohat qilishni tavsiya qilmasligini ma’lum qildi.

Buyuk Britaniya AQShdan keyin Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini chaqirib olishni boshladi, deya xabar berdi BBC. Tegishli qaror «Rossiya bosqinining ehtimoli» haqidagi xabarlar fonida qabul qilindi.

Shu bilan birga, rasmiylar britaniyalik diplomatlarga nisbatan aniq tahdidlar yo‘qligini, biroq Kiyevda ishlayotgan xodimlarning yarmiga yaqini Buyuk Britaniyaga qaytishini aytdi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligining munosabati

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi AQShning Ukrainadagi elchixonasi xodimlarining evakuatsiya qilinishini erta, deb hisoblaydi. Bu haqda TIV vakili Oleg Nikolenko UNIAN muxbiriga ma’lum qildi.

«Tashqi ishlar vazirligi AQSh Davlat departamentining Kiyevdagi ushbu davlat elchixonasi xodimlarining oila a’zolarini tark etishi, shuningdek, ayrim xodimlarga ixtiyoriy ravishda ketish imkoniyatini taqdim etish haqidagi qarorini e’tiborga oldi», — deydi Oleg Nikolenko.

Shu bilan birga, «xorijiy davlatlarning o‘z diplomatik vakolatxonalari xavfsizligini ta’minlash huquqini hurmat qilgan holda, biz Amerika tomonining bunday qadamini erta va haddan tashqari ehtiyotkorlikning namoyish qilinishi deb bilamiz», — deya ta’kidladi spiker.

«Aslida, o‘tgan vaqt ichida vaziyat va xavfsizlik sohasida tub o‘zgarishlar kuzatilmadi: Rossiya agressiyasining yangi to‘lqinlari tahdidi 2014 yildan beri o‘zgarishsiz qolmoqda va Rossiya qo‘shinlarining chegara yaqinida to‘planishi o‘tgan yilning aprel oyida boshlangan», — dedi Oleg Nikolenko.

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh Davlat departamentining qarori AQSh elchixonasining barcha xodimlari endi Ukrainani tark etishini bildirmaydi. Spikerning so‘zlariga ko‘ra, elchixona o‘z faoliyatini to‘liq davom ettiradi. «Diplomatik missiya a’zolari shunday istak bo‘lsa, ketish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Biroq ularning ketishi umuman majburiy emas», — dedi u.