Rossiyaning Akkermann Cement shirkati sho‘ba korxonasi Akkermann Cement CA «Ohangaronsement» sement zavodining 98,6 foiz ulushiga ega bo‘ldi, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Akkermann Cement brendi ostida birlashgan kompaniyalar guruhi tadbirkor Alisher Usmonovga qarashli Rossiyaning ko‘p tarmoqli USM holdingi tarkibiga kiradi. 2021 yilda Akkermann Cement 4 million tonnaga yaqin sement ishlab chiqargan. Kompaniyaning asosiy aktivlari Novotroitsk va Gornozavodskdagi sement zavodlari bo‘lib, endi ularga «Ohangaronsement» ham qo‘shildi.

2021 yil oxirida «Ohangaronsement» quruq usulda yiliga 2,5 mln tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega liniyasini ishga tushirdi.

«Yangi liniya texnologlar va texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan yuqori malaka hamda ishlab chiqarish tajribasini talab qiladi. Akkermann Cement bunday zamonaviy liniyalarni samarali boshqarish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribaga ega», — deyiladi kompaniya xabarida.

Akkermann Cement kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Anton Selyavko «Ohangaronsement»ga sarmoya kiritilishi, «O‘zbekistondagi barcha USM investitsiyalari kabi, birinchi navbatda, USMning asosiy aksiyadori Alisher Usmonovning kichik vatani bo‘lmish ushbu davlatni rivojlantirishga qaratilganini» ta’kidladi.

«Bu yerda olinadigan barcha daromad O‘zbekistonda qoladi va respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Bunda biz katta salohiyatni ko‘ryapmiz. Aholi soni ortib borayotgani, yuqori sifatli yangi uy-joylarga bo‘lgan talab, kelajakda — ipoteka kreditlash orqali iste’mol talabini qo‘llab-quvvatlash, bularning barchasi sement iste’molining o‘sishiga xizmat qiladi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonda sement bozori quvvat profitsiti hamda xalqaro (Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston) ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi yuqori raqobat fazasiga o‘tgan.

«Rossiyadagi sement bozori 2015 yildan beri ortiqcha quvvat bosqichida edi. Bunday sharoitda Akkermann Cement yaxshi natijalar ko‘rsatib, ishlab chiqarish va sotishni samarali tashkil etish bo‘yicha tajriba to‘pladi, bu O‘zbekistonda qo‘llaniladi», — dedi Anton Selyavko.

Bitim Gazprombank tomonidan moliyalashtirilgan holda amalga oshirildi.

Avvalroq «Gazeta.uz», Kiprning Lamanka Enterprises Limited hamda Buyuk Britaniyaning Virjiniya orollaridagi Giacinttar Limited kompaniyalari «Ohangaronsement» zavodidagi ulushlari sotuvga chiqarilganini ma’lum qilgan edi. Aksiyalar paketi 1,88 trln so‘mga baholangan.

USM — metallurgiya va tog‘-kon sanoati, telekommunikatsiya va texnologiya sohalaridagi aktivlarga egalik qiluvchi va ularni boshqaradigan Rossiyaning xolding kompaniyasi. Guruh aktivlariga «Metalloinvest», «MegaFon» va «Udokanskaya med» kabi yetakchi sanoat kompaniyalari kiradi. USM «Ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi» (CRPT) aksiyadori hisoblanadi. USM Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan. Holdingning asosiy aksiyadorlari Alisher Usmonov, Vladimir Skoch, Varvara Skoch, Farhod Moshiri va Ivan Streshinskiy hisoblanadi.