Payshanba kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida Spark haydovchisi yo‘l o‘rtasida mashinadan tushib, «VAZ-2199» rusumli avtomashinaning g‘ildiragini tepib, so‘ng to‘pponchadan mashinaga qarata o‘q uzdi. Ushbu holat aks etgan videolavhalar Nikita Makarenkoning Telegram-kanalida e’lon qilindi.

Kechqurun Toshkent shahar IIBB ko‘k rangli kostyum kiygan shaxs — 1990 yilda tug‘ilgan Z.S. — pnevmatik to‘pponchadan o‘q uzganini xabar qildi. O‘q uzilgan «VAZ-2199» avtomobili haydovchisi 1985 yilda tug‘ilgan G‘.A.ga tegishli bo‘lib, Z.S. bilan turmush o‘rtog‘ini rashk qilish sababli o‘zaro janjallashib qolgan.

Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, deya qayd etdi IIBB. Mirzo Ulug‘bek tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlandi.

Boshqarma «jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimagan shaxsga nisbatan qat’iy qonuniy chora ko‘rilishini» ma’lum qildi.