O‘zbekiston bo‘ylab har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Bu prezidentning 19 yanvardagi «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida qayd etilgan.

Yetakchi yoshlari tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish, ular faoliyatiga kredit, subsidiya va boshqa yordam choralarini jalb qilishda hokim yordamchisi bilan hamkorlik qiladi.

Hujjat bilan yoshlar yetakchisining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • «Yoshlar balansi»ni shakllantirish, yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni «Yoshlar daftari» va «Yoshlar portali» elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil qilish;
  • mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, Besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish;
  • yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish;
  • yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash;
  • huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashish.

Yetakchining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanadi:

  • xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravari (4,1 mln so‘m) miqdorida;
  • xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada — MHTEKMning 5,5 baravari (4,5 mln so‘m) miqdorida;
  • xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada — MHTEKMning 6 baravari (4,9 mln so‘m) miqdorida.

Yoshlar ishlari agentligiga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, Yetakchilarni har chorak yakuni bo‘yicha oylik ish haqining 50 foizigacha miqdorda mukofotlash huquqi beriladi.

Qarorda qayd etilishicha, har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishayotgan mamlakat bo‘yicha eng ilg‘or 100 nafar yetakchilari bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Bundan tashqari, faoliyatini samarali tashkil etayotgan, o‘zining shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘layotgan va ularga yetakchilik qilayotgan Yetakchilar «Yangi O‘zbekiston islohotchisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

Hujjatga ko‘ra, yetakchilarning hamda Yoshlar ishlari agentligining mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash bo‘linmalari xodimlarining shtat birliklari umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi 10 008 nafar yoshlar yetakchisi shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi.

Yetakchi lavozimiga ishga qabul qilingan shaxslarning harbiy va maxsus unvonlari saqlab qolinadi, Yetakchi lavozimidagi ish staji navbatdagi harbiy va maxsus unvonlar olishda hisobga olinadi, shuningdek, ularga oldingi ish joyiga qaytganida qonunchilikda belgilangan barcha imtiyozlar tatbiq etiladi.

Shu bilar birga, yetakchi uchun BHMning ikki baravarigacha (540 ming so‘m) bo‘lgan miqdorda turar joy ijara to‘lovi qoplab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 1 yanvar holatiga O‘zbekiston bo‘yicha 9311 ta mahalla mavjud.

Avvalroq, «Gazeta.uz» 10 yanvardan boshlab O‘zbekiston bo‘ylab 9300 nafardan ortiq hokim yordamchilari mahallalarda o‘z faoliyatini boshlagani haqida yozgandi.