O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi tufayli imtiyozli foiz stavkalarida kredit berish amaliyotini bekor qila olmadi. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

Prezidentning 2019 yil 18 noyabrdagi (PF-5877) farmoni bilan 2021 yil 1 yanvardan banklarga zarurat tug‘ilganda foiz xarajatlari qismini kompensatsiyalash mexanizmlarini joriy etgan holda foiz stafkalarini mustaqil ravishda belgilash huquqini taqdim etish ko‘zda tutilgan edi.

Biroq koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat tufayli davlat imtiyozli kreditlash siyosatini davom ettirdi.

«Afsuski, pandemiya bilan bog‘liq vaziyat tufayli [bu amaliyotni bekor qilishni] keyinga surishga to‘g‘ri keldi. Imtiyozli kreditlarning umumiy kredit portfelidagi ulushi pasayishda davom etmoqda… Agar pandemiya bo‘lmaganida, imtiyozli kreditlash siyosatidan ancha oldin voz kechgan bo‘lardik», — dedi Mamarizo Nurmuratov.

MB rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda portfeldagi imtiyozli kreditlar qoldig‘i 32 foizni tashkil etmoqda. 2021 yilda esa 24,6 foiz kreditlar imtiyozli shartlarda berilgan va 2018 yilda bu ko‘rsatkich 49,1 foizni tashkil etgan.

«Butun dunyoda imtiyoz berish tizimi mavjud. Ushbu imtiyozlarni berish past foiz stavkalari orqali emas, balki davlat tomonidan foiz to‘lovlarini qoplash orqali amalga oshiriladi. Joriy yilda mazkur mexanizmdan foydalanishni yanada kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi… Joriy yildan boshlab davlat oilaviy tadbirkorlik dasturlari va boshqalarga qo‘shimcha mablag‘ ajratmayapti, ya’ni avval berilgan mablag‘larni qaytarish hisobiga banklar orqali kreditlar berish jarayonini davom ettirmoqdamiz. ,» u aytdi.

Mamarizo Nurmuratov imtiyozli kreditlar tarkibida muammoli kreditlar (NPL) ulushi 18 foizni tashkil etishini ta’kidladi. Taqqoslash uchun, 1 dekabr holatiga ko‘ra, bank sektorining umumiy kredit portfelidagi NPL ulushi 5 foizni (xususiy banklar) va 5,7 foizni (davlat ulushi bo‘lgan banklar) tashkil etadi.

Markaziy bankning sentabr oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘mdagi imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 11,4 foizni tashkil etadi, bu bozordagidan 82,4 foizga (20,4 foiz) va Markaziy bankning asosiy stavkasidan 22,8 foizga arzon.

Eslatib o‘tamiz, payshanba kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 14% da qoldirgan edi. Markaziy bank o‘tgan yili inflyatsiyaning asosiy omili oziq-ovqat, yoqilg‘i-energetika mahsulotlari narxlarining sezilarli darajada oshishi bo‘lganini qayd etdi.