Bunyod Abdullayev O‘zbekiston ekologiya va atrof — muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari lavozimiga tayinlandi, deb xabar berdi Ecologuz Telegram-kanali.

Mazkur xabarni “Gazeta.uz"ga Ekoqo‘mita matbuot xizmati tasdiqladi. Hozirga qadar qo‘mita raisi matbuot kotibi lavozimi faoliyat yuritgan Ozod Rajabov ishdan bo‘shaganligini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning fevralida Ekoqo‘mita matbuot kotibi Bunyod Abdullayev bosim o‘tkazilganini aytib, ishdan bo‘shatilganligini ma’lum qilgandi.

Xronologiya

10 fevral kuni Bunyod Abdullayev bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov raisligidagi yig‘ilishda qo‘mitaning 6 nafar rahbar xodimi ishdan olinishi va ular orasida o‘zi ham aytilgani haqida ma’lum qilgandi. Abdullayev bu qaror u uchun kutilmagan bo‘lganligini, bundan oldin Prezident administratsiyasi vakillari bilan yig‘ilishda qo‘mita matbuot xizmati faoliyatiga ijobiy baho berilganini ta’kidlagan edi.

Uning aytishicha, bosh vazir o‘rinbosari bilan yig‘ilishda so‘z berishlarini so‘rab, qo‘lini ko‘targan, lekin hech kim unga e’tibor bermagan. U yig‘ilishi tugamasidan oldin chiqib ketgan.

Ekologiya qo‘mitasi matbuot kotibi ishdan haydalishiga Ochilboy Ramatov “shtabi"dan berilgan topshiriqni bajarishdan bosh tortganligi sabab bo‘lganligini ta’kidlagan edi. Unga bosh vazirning birinchi o‘rinbosarining imijini targ‘ib qilish maqsadida OAVda tarqatish uchun har juma kuni tasdiqlangan mavzu bo‘yicha ma’lumot taqdim etish so‘ralgan. Bunyod Abdullayev topshiriq yozma ravishda berilsagina bajarishini aytgan, lekin unga yozma topshiriq berilmagan.

Shundan so‘ng, qo‘mita “Gazeta.uz” tomonidan 10 fevral kuni e’lon qilingan maqolada keltirilgan “vajlar haqiqatga mos kelmasligini” aytgandi.

“Bunyod Abdullayevning unga yuqori idoralar vakillari tomonidan bosim o‘tkazilgani xususidagi da’volari hujjatli asosga ega emas”, — deyilgandi qo‘mita munosabatida.

“B. Abdullayevning „Gazeta.uz“ saytiga bergan yolg‘on ma’lumotlari Davlat ekologiya qo‘mitasi jamoasini hayratga solmoqda. Uning „yig‘ilishda so‘z so‘ragani“, „kasbdoshlari gaplashmay qo‘ygani“ kabi vajlari, oldingi yig‘ilishda maqtalgani ham noto‘g‘ridir. O‘sha muloqotda „mabuot xizmati bong urmayotgani“ tanqid qilingan aslida”, — deyilgandi xabarda.

Bundan tashqari, munosabatda Bunyod Abdullayevning hay’at yig‘ilishidan chiqib ketganligi qonun buzilishi hisoblanishi ta’kidlangan. Qo‘mita bunga Mehnat kodeksining 100-moddasi 4-bandida xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzishlar ro‘yxatida ichki mehnat tartibi qoidalari alohida ko‘rsatilganligini asos qilgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasining ta’kidlashicha, qo‘mita xodimining xulq-atvorini va kasbiy faoliyatini baholashda 2018 yil 15 iyun kuni tasdiqlangan Odob-ahloq qoidalariga rioya etilishini ma’lum qilgan. “Bunyod Abdullayev esa hukumat vakillari ishtirokida rasmiy tadbirda o‘zboshimchalik bilan ish tutganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi”, — deyilgan munosabatda.

O‘shanda qo‘mita qoidalarning aynan qaysi bandiga asosan xodim yig‘ilishdan chiqib ketishi taqiqlangani haqida ma’lumot bermagandi. Qo‘mita Bunyod Abdullayevning o‘z xohishi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni so‘rab, ariza yozib ketganligini qayd etgandi.