Toshkentda O‘zbekiston davlat san’at muzeyining yangi binosi taqdimoti va Ipak yo‘li muzeyining dastlabki konsepsiyasiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerova, qurilish vaziri o‘rinbosari Nasrullo Boboyev, Atelier Brückner byurosi vakillari, byuroning boshqaruv hamkori Eberxart Shlag, shuningdek Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tashkent city qurilish direksiyasi vakillari qatnashishdi.

Davlat san’at muzeyi

Muzeyning arxitektura loyihasi butun dunyoga mashhur arxitektor, Pritkserov mukofoti sovrindori Tadao Andoning Tadao Ando Architect & Associates me’morchilik byurosi ishtirokida amalga oshirilmoqda. Bosh loyihachi sifatida esa Atelier Brückner GmbH (Germaniya) me’moriy byurosi ish olib boradi.


O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi yangi binosining qurilishi 2022−2023 yillarda Toshkentda, Abulqosim madrasasi, «Istiqlol» san’at saroyi va Alisher Navoiy haykali oralig‘ida olib borilishi rejalashtirilgan. Eslatib o‘tamiz, Milliy bog‘ hududida «Ma’naviyat shaharchasi» majmuasini joylashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, unda muzeyning yangi binosi bilan bir qatorda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Milliy kutubxona va O‘zbek Milliy akademik drama teatri ham joylashadi.


Tadbirda ma’lum qilinishicha, muzeyning dizayn konsepsiyasi katta ekspozitsiya maydoni, muzey kolleksiyalarini saqlash xonasi, kutubxona, ma’ruza xonasi, kafe hamda tom qismida terrasa va parkni o‘z ichiga olgan.

Taqdimot davomida obyektning bosh rejasi, ekspozitsiya maydoni, jamoatchilik uchun ajratilgan hudud, muzey kolleksiyalari xonasi, anjumanlar zali, restoran, kafe va auditoriyalar hamda kutubxonaning muhandislik va rejalashtirish qarorlari havola etildi. «Muzeyni loyihalashtirish ishlari muzey maydoni faoliyatiga doir barcha eng yangi texnologiyalarini inobatga olgan holda olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.


Bundan avval Tadao Ando: «O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi tiklanish va umid ramzi sifatida namoyon bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Men uni vaqt ummonida harakatlanayotgan kema kabi ko‘raman. Mening me’morchilik ishlarim insonlarni o‘z salohiyatlarini namoyon qilishga va kelajak sari harakat qilishga ilhom bag‘ishlashini juda xohlardim», — degan edi.


Foto: Tadao Ando. Getty

Davlat san’at muzeyi yangi binosining to‘liq taqdimoti 2022 yilning aprel oyida namoyish etilishi kutilmoqda.

Ipak yo‘li muzeyi


Samarqandda esa Ipak yo‘li muzeyi qurilishi kutilmoqda. U universitet xiyoboni va Bobur Mirzo ko‘chasi oralig‘ida joylashgan bo‘ladi.

Binoning asosiy kirish eshigi xiyobonga, yon eshik va muzeyning yer osti avtoturargohiga kirish esa — Jomiy ko‘chasiga yo‘naltiriladi, deb xabar berdi «Gazeta.uz»ga Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati.


Muzey joylashishi rejalashtirilgan hudud ayni paytda shunday ko‘rinishga ega. Hozirda qurilish rejalashtirilayotgan maydonda «O‘zsanoatqurilishbank»ning Samarqand filiali binolari va yotoqxonalar joylashgan. Manba: «Yandeks.Kartы»

Muzey fasadining chizmasi shunday tuzilganki, binoning markaziy qismi tomdagi katta deraza tufayli ko‘proq yoritiladi, uchta qanot esa aksincha biroz qorang‘ulashtirilgan bo‘ladi.


«Muzey ekspozitsiyasi Markaziy Osiyo va butun dunyo uchun buyuk Ipak yo‘lining tarixi va ahamiyatini namoyish etadi», — deyiladi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lumotida.