14 yanvar kuni soat 13:00 Farg‘ona shahar «Istiqlol» MFYdagi xonadonlarning birida uch kishi is gazidan zaharlanishi natijasida vafot etdi. Bu Farg‘ona shahri hokimining qarorida qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu xonadonda yashovchi ikki fuqaro voqea joyida, mehmonga kelgan yana bir fuqaro shifoxonada tez tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan vafot etgan. Sud tibbiy ekspertizaning dastlabki xulosasiga ko‘ra, vafot etganlarning o‘limiga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgan.

Bosh prokuraturaning «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, ular orasida 1979 yilda tug‘ilgan katta serjant harbiy unvonidagi fuqaro (erkak), 1981 yilda tug‘ilgan III-darajali serjant harbiy unvonidagi fuqaro (ayol), qolaversa, 2004 yilda tug‘ilgan 11 sinf o‘quvchisi bo‘lgan. Hodisa xonadondagi qo‘l bola usulida yasalgan isitish pechidan is gazini sizib chiqishi oqibatida yuzaga kelgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyga Farg‘ona harbiy prokuraturasi va shahar IIO FMB xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi xodimlari hamda Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, «Gazta’minot» shahar uchastkasi mutaxassislari chiqib, kechiktirib bo‘lmaydigan zarur tergovga qadar tekshiruv harakatlarini amalga oshirishgan.

Hozirda holat yuzasidan Farg‘ona harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

«Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, FVV matbuot kotibi Murod Sodiqov bergan ma’lumotlarga qaraganda 2021−2022 yilgi isitish mavsumi boshlanishidan buyon Respublika bo‘yicha is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 40 ta holatda 24 kishi jabrlangan va 54 kishi halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yining 17 noyabridan 18 noyabrga o‘tar kechasi, Farg‘ona tumanida 62 yoshli ota va 31 yoshli o‘g‘il o‘z uylarida is gazidan zaharlanib vafot etgandi.