DXX tomonidan «Turkiston islom harakati» («TIH») xalqaro terroristik tashkiloti a’zosi, O‘zbekiston hududida terroristik jinoyatlarni sodir etganligi uchun 23 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan fuqaro U. S. qo‘lga olindi.

Ta’kidlanishicha, 1967 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan U. S. iordaniyalik Amir Xattob tomonidan Chechenistonda tashkil etilgan jangovar lagerda 1998 yilda tayyorgarlikdan o‘tib, 1999 yilning 16 fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etgan. U o‘sha yilning mart oyida aylanma yo‘llar orqali xorijga chiqib ketgan.

Shuningdek, u Chechenistonda tashkil etilgan jangarilarni tayyorlash lagerlariga «Turkiston islom harakati» xalqaro terroristik tashkilotining O‘zbekistondan bo‘lgan a’zolarini jo‘natish bilan ham shug‘ullangan.

U. S. 2001 yilning noyabr oyida boshqa shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan soxta hujjatlar asosida MDHga a’zo davlatlardan birining fuqaroligini olib, o‘sha mamlakat hududida yashirinib yurgan, deyiladi xabarda.

DXXning chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida U. S. hibsga olingan va O‘zbekistonga ekstradatsiya qilingan.

Hozirda unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

2021 yilning sentabr oyida 16 fevral voqealarida ishtirok etganlikda gumon qilingan yana bir shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 1999 yil 16 fevralda Toshkentda, shu jumladan Mustaqillik maydonidagi hukumat binosi yaqinida bir qator kuchli portlashlar sodir bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, buning oqibatida 13 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohat olgan.

O‘shanda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov teraktning diniy ekstremistlar tomonidan uyushtirilgani, ularning maqsadlaridan biri uning hayotiga suiqasd uyushtirishdan iborat bo‘lganini ta’kidlagan edi.