13 yanvar kuni Toshkentda 1200 dan ortiq huquqni muhofaza qilish organlari va harbiy orkestr jamoasi ishtirokida harbiy-vatanparvarlik paradi bo‘lib o‘tdi. Yurish O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga (14 yanvar) bag‘ishlangan.

Soat 10:00 da «Turkiston» san’at saroyi oldidan harbiy bo‘linmalar marshi boshlandi. Yurish Alisher Navoiy hiyoboni hamda Sharof Rashidov va Islom Karimov ko‘chalari bo‘ylab 3400 metr masofada bo‘lib o‘tdi. Bu vaqtda esa avtotransportlar harakati vaqtincha to‘xtatib turildi.


Parad soat 11:00 da harbiy orkestlar, harbiy ansambllar va rassomlar ishtirokida konsert boshlangan Xalqlar do‘stligi maydonida yakunlandi.

San’at saroyi oldida maydonda harbiy texnikalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Eksponatlar orasida — mahalliy ishlab chiqaruvchiga tegishli Qalqon va Aksum zirhli mashinalari, «Tayfun» oilasiga mansub Rossiyaning zirhli avtomobillari, Turkiyaning Ejder, «Grad» artilerriya va zenit qurilmalari mavjud. Bu yerda shuningdek, FVV, Ëng‘in xizmati, DXX chegara qo‘shinlari texnikalari ham namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazma 15 yanvarga qadar davom etadi, deb «Gazeta.uz»ga xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

















Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».