12 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Strategik rivojlanish agentligi faoliyati muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2021 yilda jami 10 mlrd dollardan ortiq, jumladan, 8,1 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Buning natijasida 318 ta yirik va 15 mingdan ziyod hududiy loyihalar amalga oshirilib, 273 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etilgan. Yangi korxonalar jami 1 mlrd dollardan ziyod eksport va 530 mln dollarlik import o‘rnini to‘ldirish imkoniyatiga ega.

Shuningdek, 2021 yilda eksport miqdori 2020 yildagi 9 mlrd o‘rniga 12 mlrd dollarni tashkil etdi. Bunda tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushi sezilarli ko‘paygan.

2022 yilda esa 9,5 mlrd dollardan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarni o‘zlashtirish, 282 ta yirik va 9 mingdan ortiq hududiy loyihalar ishga tushirish mo‘ljallangan. Eksport hajmini 14 mlrd dollarga yetkazish hisob-kitob qilingan.

Yig‘ilishda mutasaddilar ushbu ko‘rsatkichlarni tarmoq va hududlar kesimida ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berdi.

Davlat rahbari har bir investitsiya loyihasini doimiy nazoratga olib, tashabbuskorlarga ko‘maklashish va o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Turizm, tibbiyot va mashinasozlik tarmoqlari, hududlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Xorazm viloyatlarida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish darajasi pastligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois ular bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqib, qo‘shimcha sarmoyalar yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi.

Prezident ishlab chiqarishni va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Mahalliy mahsulotlar turini ko‘paytirish, bu borada tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Jumladan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarni o‘zlashtirgan mahalliy korxonalar mahsulotlari kafolatli xarid qilinadi. Bu jarayonga hokim yordamchilarini ham jalb etish muhimligi aytildi.

Aholi turmush sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan ta’lim, tibbiyot, suv ta’minoti, yo‘l va boshqa infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda shaffoflikni ta’minlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Sog‘liqni saqlash sohasi, Orolbo‘yi mintaqasi uchun trast fondi kabi ijtimoiy muhim yo‘nalishlarga xorijiy grantlar jalb qilish kerakligi aytildi.

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Shavkat Mirziyoyev prezident saylovi oldidan xalq bilan uchrashuvlarda har bir tumanda loyiha guruhlari va xolding kompaniyalari tashkil etilishini aytgan edi. Yig‘ilishda ushbu tizimni joriy etish borasida qilinayotgan ishlar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Davlat rahbari loyiha guruhlari mutaxassislarini bir tizim va metodologiya asosida ishlashga o‘qitish kerakligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda eksport masalasi atroflicha tahlil qilindi. Bu boradagi prognozlarni bajarish uchun sanoatga alohida ahamiyat qaratish, qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish zarurligi qayd etildi.