Ijtimoiy tarmoqlarda «Yangi O‘zbekiston» bog‘idagi «Istiqlol» monumenti bareleflarining gipsli detallariga zarar yetgani aks etgan suratlar tarqaldi. Suratlarda piyodalar yo‘lakchasidagi yoriqlar va boshqa kamchiliklar ham ko‘rsatilgan.

Foto: «Dela tonkiye» / Telegram.

Toshkent hokimiyati matbuot xizmati «Gazeta.uz» so‘roviga javob bermadi. «Yangi O‘zbekiston» bog‘i obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish direksiyasidan izoh olish imkoni bo‘ldi. Direksiyaning tasdiqlashicha, monumentning ayrim bezak qismlari gipsdan tayyorlangan va ular vaqtinchalik hisoblanadi.

Foto: «Dela tonkiye» / Telegram.

«Bu vaqtinchalik gipsdan qilingan. Yaqin ikki oy ichida bronzaga almashtiriladi», — deya ma’lum qildi direktor kuratori Mirjalil Mirqosimov.

Qayd etish joizki, Toshkentdagi aksariyat yodgorliklar ham ochilish vaqtida gipsdan tayyorlangan. Vaqt o‘tishi bilan ular bronzaga almashtirilgan.

Mirjalil Mirqosimov piyodalar yo‘laklariga zarar yetganiga ham izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bayramlar vaqtida yo‘lovchilar oqimi katta bo‘lgani bilan bog‘liq. «Piyodalar yo‘laklari odamlar bilan to‘ldi, ayrimlari hatto maysalar ustidan ham yurishdi», — dedi bog‘ ma’muriyati vakili.

Foto: «Dela tonkiye» / Telegram.

«Yangi O‘zbekiston» bog‘i va unda o‘rnatilgan «Istiqlol» monumenti 31 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ochildi. Bog‘ O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshta yo‘nalishini o‘zida mujassam etgan besh shoxli daraxt shaklida bunyod etilgan. Unda 5000 o‘rinli amfiteatrdan tashqari sun’iy ko‘l, sport va o‘yin maydonchalari va boshqa inshootlar ham mavjud.

Foto: «Dela tonkiye» / Telegram.

«Gazeta.uz» Mimar Group kompaniyasi loyiha pudratchisi ekani haqida yozgan edi. Qurilish-montaj ishlari qiymati, davlat xaridlari portalidagi ikkita lotga muvofiq, mos ravishda 146,5 mlrd va 47,8 mlrd so‘mga baholandi.