III chorakdan sport zali bo‘lmagan umumta’lim maktablarida ham jismoniy tarbiya fani haftasiga 2 soatdan o‘qitiladi, deya xabar bermoqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati. Xalq ta’limi vaziri 11 yanvar kuni bu haqdagi buyruqni imzoladi.

Avvalroq «Gazeta.uz» O‘zbekistondagi 2245 ta maktabda sport zali yo‘qligi haqida yozgan edi. 2020−2021 o‘quv yilidan boshlab sport zali mavjud bo‘lmagan maktablarda qishki davr (dekabr, yanvar, fevral oylari)da o‘tiladigan «Jismoniy tarbiya» fani darslari o‘quv soatlarini 10 hafta davomida 5−10-sinflarda haftasiga 2 soatdan 1 soatgacha kamaytirilgan edi. XTV rahbarining yangi buyrug‘i bilan bu tartib bekor qilindi.

Ma’lum qilinishicha, endilikda 2021−2022 o‘quv yilining 3-choragidan boshlab sport zali mavjud bo‘lmagan umumta’lim muassasalarida ham «Jismoniy tarbiya» fani barcha sinflarda haftada 2 (ikki) soatdan o‘qitiladi. O‘z-o‘zidan bu davrda mazkur maktablarda jismoniy tarbiya o‘qituvchilarining oylik maoshlari ham qisqartirildi.

11 yanvar kuni XTVning o‘quvchilarda sport odatlari va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida maktablarda jismoniy tarbiya fanini o‘qitishning amaldagi tartibini bekor qilish va takomillashtirish to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilindi.