IIV Tergov departamentining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Ma’murjon Rahmatullayev OAKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Golden Cash Store moliyaviy piramidasi bilan bog‘liq jinoyat ishi tafsilotlarini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yil 15 yanvarida ikki nafar Ukraina va uch nafar Tojikiston fuqarosi Toshkentda korxona tashkil etadi.

Golden Cash Store kompaniyasi hujjatlarda ulgurji savdo bilan shug‘ullanishi ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, amalda O‘zbekiston fuqarolariga oltin va kumush buyumlarini sotib, ularning pullarini korxonaga ishlab chiqarish uchun sarmoya kiritish taklif qilingan. Ta’sischilar ijtimoiy tarmoqlar va OAVda o‘z faoliyatlarini jadal tarzda reklama qilishgan.

«Ushbu kompaniya faoliyati nima uchun bizda qiziqish tug‘dirdi? Ushbu jamiyat faoliyatida hech qanday tashqaridan keladigan daromadi yoki tashqi investorlari mavjud emas. Bular faoliyati tashkil qilingan paytidan boshlab go‘yoki fuqarolardan olingan har bitta tilla taqinchoq va pul mablag‘larini Tojikiston Respublikasidagi mavjud tilla konlariga investitsiya sifatida kiritib, ularni ko‘paytirish bilan qiziqtirib kelgan. Va bu holatlar faqatgina og‘zaki ravishda bo‘lgan», — dedi tergovchi.

Kompaniya hissa qo‘shishning bir nechta: haftalik — 2−3 foiz, oylik — 40 foiz va yillik — 262 foizlik daromad keltiradigan variantlarni taklif qilishgan. Pullar ochilgan plastik kartalarga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan.

«Ular birinchi kelgan mijozlardan qabul qilgan pul mablag‘larining asosiy qismini o‘zlarida olib qolib, keyingi mijozlar tikkan pullarni oldingilarga to‘lab berishgan», — dedi Ma’murjon Rahmatullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvda fors-major holatlari yoki shartlarning buzilishi natijasida yetkazilgan zararni kim va qanday mablag‘lar hisobidan qoplashi ko‘rsatilmagan.

Bundan tashqari, mijozlar Gold, Platinum toifalariga ajratilib, ularga qimmatbaho sovg‘alar, iPhone va avtomobil va’da qilingan, biroq yakunda fuqarolar hech narsa olishmagan.

Natijada bir necha ming fuqaro tashkilotchilarning takliflarini qabul qilib, ularga qiymati 100 mingdan 10 minggacha bo‘lgan oltin va kumush buyumlar, shuningdek, boshqa mol-mulkni topshirgan, deb yozadi Spot.

Jabrlanganlarning aksariyati Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston aholisidir. Bundan tashqari, firibgarlar qo‘shni MDH davlatlarida ham faoliyat yuritishgan. Moliyaviy piramidadan aziyat chekkan andijonlik fuqaro uyini sotib 10 ming 700 dollar sarmoya kiritganini aytdi.

Mazkur holatlar asosida Golden Cash Store ta’sischilariga nisbatan 2021 yil 17 noyabr kuni Toshkent shahar IIBB tomonidan Jinoyat kodeksining 188−1-moddasi 2-qismi «b,v,d» bandlari (Pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, OAVdan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib) jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayblanuvchilar hozir hibsda.

Golden Cash Store hududiy filiallarida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 830 ta kompaniyaga tegishli shartnoma va hujjatlar, 54 ta kompaniya hujjatlari, 4699 ta Golden Cash Store plastik kartochkalari, 2439 ta reklama bukletlari, 443 ta erkaklar va ayollar uchun kumush buyumlar, 22 ta bank kartasi va boshqalar aniqlangan.

Shuningdek, kompaniya ta’sischilarining 1 mlrd 128 mln so‘m pul mablag‘lari hamda hisobvaraqlardagi 63,2 mln so‘m muzlatib qo‘yildi. Jamiyat rahbari o‘z kartasiga ham 2,4 mlrd so‘m o‘tkazgan.