Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev Asqar Mamin iste’foga chiqqanidan keyin hukumat rahbari vazifasini bajaruvchi Alixon Smailovni mamlakat bosh vaziri etib tayinladi, deya xabar qildi Akorda matbuot xizmati.

Alixon Smailov (1972 yilda tug‘ilgan) 2019 yil fevralidan beri bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — moliya vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

U 1999 yilda Qozog‘iston Statistika agentligiga rahbarlik qilib, davlat organlarining rahbarlik lavozimlarida ishlay boshlagan. So‘ngra, yillar davomida u tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, moliya vaziri o‘rinbosari, Milliy iqtisodiyot vazirligi statistika qo‘mitasi raisi, Qozog‘iston prezidenti yordamchisi bo‘lib ishlagan.

2018 yil sentabridan 2019 yil fevraligacha Moliya vaziri bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda 2 yanvar kuni boshlangan tartibsizliklar ortidan 5 yanvar kuni mamlakat prezidenti Qasim-Jomart Tokayev hukumat iste’fosini qabul qilgan edi.