Jizzax shahar gaz ta’minoti tizimidagi eski gaz quvurlarini olib tashlab, 1,5 ming kilometrdan ziyod yangi quvurlar tortilishi rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 yanvar kuni gaz yetkazib berish tizimida xususiy sheriklikni joriy etishga doir takliflarni ko‘rib chiqdi.

Taqdimotda tizimni modernizatsiya qilishning juda dolzarbligi, sababi mamlakatdagi gaz quvurlarining yarmidan ko‘pi — 45 ming kilometri o‘ttiz yildan ortiq vaqtdan beri ishlatib kelinayotgani aytilgan.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda Jizzax shahar gaz ta’minoti tizimida:

  • 767 kilometr quvur,
  • 6 ta gaz taqsimlash stansiyasi,
  • 1 ming 600 dan ziyod gaz taqsimlash punkti bor.

Taqdimotda ushbu tizimni xalqaro standartlar asosida va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilish orqali modernizatsiya qilish bo‘yicha loyiha ko‘rsatildi.

«O‘ZTRANSGAZ» AJ boshqaruv raisi Behzod Narmatovning so‘zlariga ko‘ra bu loyihaning ijrosi uchun Turkiyaning Aksa Dog’algaz kompaniyasi bilan hamkorlik qilinadi.

Loyihaga ko‘ra, eski gaz quvurlari olib tashlanib, o‘rniga 1,5 ming kilometrdan ziyod yangi quvurlar tortish rejalashtirilgan. Gaz taqsimlash stansiyalari soni 6 tadan 2 tagacha qisqartirilib, 3 bosqichli tizimdan 2 bosqichli tizimga o‘tiladi. Shuningdek taqdimotda 94 ta yuqori bosimli gaz tartiblash punkti (GTP) ni 20 taga kamaytirish, hamda mavjud bo‘lgan 1576 ta o‘rta bosimli GTP lardan to‘liq voz kechish aytib o‘tilgan.

Natijada hozirgi holatdagi 115 million kub metr yo‘qotishlar bartaraf etiladi, shuningdek, yo‘qotishlar miqdori hozirgi 22 foizdan 0,1 foizgacha kamaytirishga erishish mumkin deyiladi xabarda.

Taqdimotga ko‘ra, loyihaning jami kapital xarajatlari 2022−2024 yillarda O‘zbekiston taklifiga ko‘ra, 105,2 mln dollarga teng bo‘ladi. Turkiyaning Aksa kompaniyasi taklifida esa undan 28,2 mln dollarga ko‘p (133,4 mln dollar) bo‘lishi keltirilgan.

Bunda o‘rtacha yillik operatsion xarajatlar Turkiya kompaniyasi taklifiga ko‘ra, 2,7 mln dollarga teng bo‘ladi. O‘zbekiston taklifida esa bu 2,6 mln dollar etib ko‘rsatilgan.


Prezident bu loyihaning samaradorligiga alohida ahamiyat qaratib, uni tezlashtirish zarurligini ta’kidlagan.

Shuningdek, bunday tizimni bir paytning o‘zida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida, keyinchalik boshqa hududlarda ham amalga oshirish vazifasi qo‘yilgan.