Dushanba kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev karantin cheklovlari qayta tiklanishga oid savolga ham javob berdi.

“Cheklov tadbirlari ko‘zda tutilayotgani yo‘q. Cheklovlarni oldini olishning birdan bir yo‘li — emlanish. Hammamiz emlansak, (karantin) cheklovlar qaytmaydi”, — dedi u.

Anjumanda shuningdek, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Alimov esa omikronning klinik ko‘rinishlariga to‘xtalib o‘tdi.

“Omikron” asosan 5−6 ta klinik ko‘rinishda kuzatildi. Bular — yo‘tal, aksirish, kuchli holsizlanish, burundan suv oqishi, har ikki kasaldan bittasida isitma ko‘tarilishi. Hozirda bu shtamm o‘rganilmoqda. Yapon olimlarining aytishicha, bu shtammning yuqish xavfi “Delta” variantidan 4 baravar ko‘proq", — dedi u.


Anvar Alimov. Foto: SSV.

Ta’kidlanishicha, “omikron emlanganlar orasida juda yengil kechadi, asosan yuqori nafas organlarida infeksiya tez ko‘payadi”.

“Bunda o‘pkadagi kasallik ko‘rsatkichlari „delta“ variantidan bir-necha baravar kamroq. Kasallikni davolash sxemalarida esa hech qanday farq yo‘q. „Uhan“ hamda „delta“ shtammda qo‘llangan tadbirlar bu variant uchun ham 100% o‘rinli. Bu o‘rta yoshlilarda yengil kechadi. Ammo, xronik kasalligi bor bemorlarda bu juda ham og‘ir o‘tib, xatto o‘limgacha ham olib borishi mumkin”, — dedi Anvar Alimov.

Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori Xabibulla Oqilov esa omikron yashin tezligida tez tarqalishini qayd etdi.

“Bu variantning “delta” virusdan farqi shunda-ki, u yashin tezligida tarqalayotgani hamda nisbatan osonroq kechishida 5 kunda tuzalib ketish mumkin. 98% bemorlar, uy sharoitida davolansa bo‘ladi. O‘pkaga asorat berish foizi “Delta"dan ko‘ra, bir necha marotaba kamroq”, — dedi u.

Xabibulla Oqilov. Foto: SSV.

Tayyorgarlik jarayonlariga to‘xtalgan mutaxassis, hozirgi kunda Toshkentda “Zangiota-1” hamda “Zangiota-2” shifoxonalari hamda viloyatlardagi maxsus klinikalarda ishlayotgan shifokorlarning hammasi koronavirus va aynan “Omicron” shtamm uchun o‘qitilganini ta’kidladi. “Agar majbur bo‘ladigan bo‘lsak, “omikron"ga tayyorgarlik bo‘yicha ularni boshqattan o‘qitib chiqamiz”, — dedi Xabibulla Oqilov.