Nodavlat ta’lim muassasalarida ham qishki ta’til 24 yanvarga qadar uzaytirilishi mumkin. Bu haqda Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasining nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun e’lon qilgan tavsiyasida so‘z boradi.

Nodavlat ta’lim tashkilotlarining rahbar va pedagog kadrlarini xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan Milliy o‘quv dasturlari asosida masofaviy ta’lim shakllarini qo‘llagan holda malaka oshirish kurslariga jalb etish maqsadga muvofiq, deyiladi xabarda.

Ta’til vaqtida o‘quvchilarning ota-onalaridan shu muddatlar uchun to‘lov undirilmasligi tavsiya etilgan. Bunda qishki ta’til davrida o‘quvchilarga oziq-ovqat berilmasligi hamda boshqa sarf-xarajatlar qilinmasligi inobatga olingan.

Shuningdek, ta’til davrida o‘quvchilar uchun ularga tashkil qilinayotgan onlayn fan olimpiadalar, intellektual o‘yinlar, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bellashuvlar va turli tanlovlarda faol ishtirokini ta’minlash tavsiya qilingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda OTM, kollej va litsey talabalari uchun qishki ta’til 24 yanvargacha uzaytirilgandi.

Avvaliga o‘quvchilar uchun ta’til vaqti o‘zgarmaganini aytib chiqqan Xalq ta’limi vazirligi 9 yanvarga kelib, maktablarda ham qishki ta’til 24 yanvarga qadar uzaytirilganini e’lon qildi.