O‘zbekiston Markaziy banki noyabr oyida dunyodagi boshqa moliyaviy regulyatorlardan ko‘proq oltin sotdi. Bu haqda Spot Jahon Oltin Kengashining (World Gold Council — WGC) oylik ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

Hisobotga ko‘ra, noyabr oyida jahon markaziy banklarining jami oltin zaxiralari 21,5 tonnaga kamaydi. Bu 2021 yil yanvaridan beri birinchi marta qisqartirish hisoblanadi.

Aynan noyabr oyida oltin narxi oxirgi 5 oy ichida maksimal darajaga yetdi — har unsiya uchun 1866 dollar. O‘zbekiston esa oltinni eng yuqori cho‘qqisida sotishga harakat qilmoqda.

Oltin O‘zbekistondan (21,5 tonna) tashqari Turkiya (7 tonna), Rossiya (3,1 tonna) va Qirg‘iziston (1,4 tonna) tomonidan ham faol sotilgan.

Boshqa regulyatorlar ozroq bo‘lsa-da, oltin zaxiralarini ko‘paytirdilar. Noyabr oyida qimmatbaho metallarning eng faol xaridorlari Qozog‘iston (4,3 tonna), Polsha (3,4 tonna) va Hindiston (2,8 tonna) Markaziy banklari bo‘ldi.

WGC dunyo markaziy banklaridan 2021 yil oxirigacha jami oltin zaxirasini oshirishini kutmoqda. Birgina birinchi chorakda ular 100 tonnaga yaqin, ikkinchi chorakda esa deyarli 200 tonna xarid qilishdi.

2021 yilning yanvar-noyabr oylarida oltin savdosi O‘zbekiston Markaziy bankiga 4,1 mlrd dollar daromad keltirdi.Ushbu summaning 40 foizdan ortig‘i noyabr oyiga to‘g‘ri keldi, deya guvohlik bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari.

O‘zbekiston eksportidagi noyob metalning ulushi 2020 yilning 11 oyida 40 foizdan 2021 yilning shu davridagi 26 foizga qisqardi. Biroq oltin respublikaning eng yirik eksport mahsuloti bo‘lib qolmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston tashqi aktivlari qiymati 2021 yilning uch choragida, jumladan, oltin narxining tushishi tufayli deyarli 500 million dollarga kamaygani haqida xabar berilgan edi.