2021 yilning avgust oyida Qarshi shahrida sport ustasi E. Rahimov o‘ldirib ketilgan yuzasidan jinoyat ishi sudga oshirildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

6 yanvar kuni Qashqadaryo viloyat sudida sudlanuvchilar T. Aliyev va boshqalar — jami 26 shaxsga nisbatan jinoyat ishiни ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud boshlandi.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam o‘ldirish), 28, 104 (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 105 (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish), 109 (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish), 127 (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish), 28, 137 (Odam o‘g‘rilash), 169 (O‘g‘rilik), 210 (Pora olish), 28, 211 (Pora berish), 230 (Aybsiz kishini javobgarlikka tortish), 238 (Yolg‘on guvohlik berish), 241−1 (Jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish), 28, 277 (Bezorilik) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Ushbu jinoyat ishi Qashqadaryo viloyat sudi sudyasi F. Yusupov raisligida ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 17 avgustda Qashqadaryoda sportchi Elbek Rahimov o‘ldirib ketilgani haqida xabarlar tarqalgandi. O‘shanda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va 7 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, ulardan 6 nafari protsessual tartibda ushlangani ma’lum qilingan.

18 avgust kuni esa sportchining o‘ldirilishi tafsilotlari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Elbek o‘z uyidan ko‘chaga chiqqanida 7 nafar sovuq qurollar bilan qurollangan shaxslar uni bosh, yuz, ko‘krak va tanasining boshqa sohalariga urib, Gentra avtomashinasiga majburan mindirishgan. Ular jinoiy qilmishlarini yashirish maqsadida sportchini Chiroqchi tumani Tibbiyot birlashmasiga olib borib, tashlab ketishgan. Natijada Elbek Rahimov shu kuni shifoxonada vafot etgan.

19 avgust kuni Qarshida bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Oliy sud raisi Kozimjon Komilov va ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ishtirokida 31 yoshli sport murabbiyining o‘ldirib ketilishi bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazilgan.

Unda sud tibbiyot ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Elbek Rahimovning o‘limiga bosh miyaning lat yeyishi, bosh miya sinishi, ko‘krak qafasi a’zolarining shikastlanishi va boshqa a’zolarning jiddiy shikastlanishi sabab bo‘lgani aytilgandi.

«Bu janjalning boshlanishi avvvalo ikki sportchining ilk kurashi, sport musobaqasidan kelib chiqqan. Ulardan biri yutib, biri yutqazgani sabab nizo yuzaga kelgan. Ular hech kimga murojaat qilmagan. O‘zlaricha „razbor“ qilib olmoqchi bo‘lgan. Albatta, bu jarayonlar mas’ul tashkilotlar tomonidan e’tiborga olinishi kerak edi. Bu masala ham nazorat qilinadi. Kerak bo‘lsa, xizmat tekshiruvi ham o‘tkaziladi», — deya izohlagandi ichki ishlar vaziri.

Avvaliga, holat yuzasidan Z.B. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «l, p» bandlari (qasddan odam o‘ldirish bezorilik oqibatida; bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilganda, uch dona temir armatura bo‘lagi hamda pnevmatik to‘pponcha o‘qi daliliy ashyo sifatida olingan.

O‘shanda IIV rahbari Po‘lat Bobojonov jinoyat sodir etganlarning ikki nafari voyaga yetmagan va jinoyat ishtirokchilarining deyali barchasi notinch oilalar farzandlari bo‘lganini ma’lum qilgandi. Ularning eng kattasi 29 yoshda, eng kichigi — 16−17 yoshli maktab o‘quvchilari bo‘lgan.

Oliy sud raisi Kozim Komilov esa mazkur ish bo‘yicha sud ishi barcha uchun ochiq tarzda o‘tkazilishini ma’lum qilgandi.

«Tergov ishlariga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q. Kim aybdor bo‘ladi, men bilmayman. Lekin ularning ishi ochiq sudda ko‘riladi va unda jurnalistu blogerlar bemalol qatnashishi mumkin bo‘ladi», — degan u.