Afg‘onistonning muvaqqat hukumati avvalgi tuzum qulashi chog‘ida O‘zbekiston va Tojikistonga olib ketilgan vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda Tolo News xabar berdi.

Aeroportlarni nazorat qiluvchi komissiya bosh direktori Latifulloh Hakimiyning aytishicha, sobiq hukumat 164 ta samolyotga ega bo‘lib, ulardan 81 tasi hali ham mamlakatda.

«Bizda 81 ta harbiy vertolyotdan 41 tasini afg‘on muhandislari ta’mirlagan. Boshqalari ham ishlay olishi uchun harakat qilamiz», — dedi Hakimiy.

Anadolu agentligining ma’lum qilishicha, «Tolibon» muvaqqat hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Inomulla Samangoniyning aytishicha, hozirda hukumat Toshkent va Dushanbe bilan vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, biroq mashinalar qachon qaytarilishi hozircha ma’lum emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on uchuvchilari va rasmiylari qo‘shni Tojikiston va O‘zbekistonga 40 dan ortiq vertolyotlarni olib qochgan.

Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Inoyotullo Xorazmiy, o‘z navbatida, O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlariga vertolyotlarni qaytarish bo‘yicha ariza allaqachon berilganini, biroq hozircha ijobiy javob yo‘qligini aytdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistonda avvalgi hukumat davrida 164 dan ortiq vertolyot bo‘lgan, ularning aksariyati AQShdan olib kelingan. Hisobotlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston havo kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun so‘nggi 20 yil ichida 8 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.

Avvalroq, Afg‘onistonning muvaqqat hukumati rahbari o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar O‘zbekistondan avvalgi hukumat ag‘darilganidan so‘ng, afg‘on uchuvchilari mamlakatni tark etgan samolyot va vertolyotlarni qaytarishga chaqirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 14−15 avgust kunlari Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyoti va 24 ta vertolyoti O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgani haqida xabar berilgandi.