Buxoro viloyatining Buxoro tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasining (IES) ilk qurilmasi ishga tushirildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Stansiyaning birinchi energiya bloki 2021 yil 31 dekabrda ishga tushirilgan. 270 MVt quvvatga ega gaz porshenli IES Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi tomonidan davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida qurilgan.

Hozirda mazkur stansiyani O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga ulash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Stansiya yaqin 2−3 kun ichida tarmoqqa quvvat uzatishni boshlaydi.

IES yiliga 2,2 milliard kVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Uskuna yuqori energiya samaradorligiga egaligi tufayli 260 million kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Tejalgan tabiiy gazga qo‘shimcha 900 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi, buning natijasida 450 ming xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

Spot nashriga ko‘ra, Aksa Enerji — elektr stansiyalari ishlab chiqarish bozorida jahonda yetakchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya Istanbul (Turkiya) va Chanchjou (Xitoy)dagi o‘z korxonalarida generator majmualarini ishlab chiqaradi. Aksa mahsulotlari 165 mamlakatga eksport qilinadi. Ayni paytda Aksa Energy Buxorodagi elektr stansiyasidan tashqari Toshkent viloyatida ikkita obyekt — 240 MVt quvvatga ega bug‘-gazli elektr stansiyasi va 230 MVt quvvatga ega gaz-porshenli elektr stansiyasini qurmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Fransiya, Qatar va Yaponiyaning «EDF, Nebras Power, Sojitz Corporation» kompaniyalari konsorsiumi Sirdaryoda 1600 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasini qurishi haqida xabar berilgan edi. Ushbu IES 2025 yil o‘rtalarida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Jalb qilingan investitsiyalar hajmi 1,2 milliard dollarga baholangan.