27 dekabr kuni Uzcard va Humo to‘lov tizimlari ikkala tizim kartalariga xizmat ko‘rsatuvchi terminal taqdimotini o‘tkazdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Shunday qilib, Uzcard va Humo to‘lov tizimlari joriy yildagi o‘zaro integratsiyalashuvning birinchi bosqichini yakunladi.

«Yaqin kelajakda kassir tomonidan har bir karta uchun turli terminallarning taklif qilinishi shart bo‘lmaydi — savdo va xizmat nuqtalari ikkala to‘lov tizimiga xizmat ko‘rsatadigan bitta apparatga ega bo‘ladi. Ilgari terminallarda cheklovlar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bitta terminalda ham Uzcard, ham Humo kartalariga xizmat ko‘rsatish mumkin bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Terminal har ikkala turdagi kartalarni qabul qilishni boshlashi uchun uni yangilash kerak. Yaqin vaqt ichida banklarga bunday yangilashni amalga oshirish uchun zarur ko‘rsatmalar beriladi, — deya qayd etdi Markaziy bank.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzcard va Humo to‘lov tizimlari hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolagandi. Unga ko‘ra, ikkala to‘lov tizimlarining terminallari yil oxirigacha har ikki turdagi kartalarni ham qabul qilishni boshlaydi.

Integratsiya memorandumi doirasida ikkala to‘lov tizimlari karta egalari, banklar, to‘lov tashkilotlari va chakana savdo shoxobchalarining manfaatlarini himoya qilish, texnologiyalarni takomillashtirish va naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish infratuzilmasini kengaytirish, to‘lov infratuzilmasining ishonchliligi va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni davom ettiradi.