2022 yil yozi o‘rtalaridan UzAuto Motors bazasida Tracker avtomobillarini ommaviy ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Yaqin kunlarda Asakadagi avtozavodda mashinalarning sinov variantlari ishlab chiqarildi. «Hozirda konveyerni joylashtirish va avtomobillarni sinovdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda», — deya qayd etildi kompaniyadan.

Avtomobil modeli Global Emerging Markets (GEM) yagona budjet platformasida kichik uzelli yig‘ish uslubida ishlab chiqariladi. Mahalliylashtirish darajasi kamida 50 foiz bo‘lishi kutilmoqda. «Biroq biz bu ko‘rsatkichni oshiramiz», — deyiladi xabarda.

Ishlab chiqarish hajmining yiliga eng kamida 80 ming dona avtomobil darajasida bo‘lishi rejalashtirilgan. Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar narxining hozirda tayyor ko‘rinishda import qilinayotgan Tracker modellaridan qanchalik farq qilishi hali ma’lum emas.

«Amaliyotning ko‘rsatishicha, avtomobil narxi haqida faqatgina tannarxi belgilanganidan keyin aytish mumkin. So‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich logistika va import mikrochiplari bilan bog‘liq vaziyatga juda ham bog‘liq bo‘lib turibdi», — deya ma’lum qildi kompaniya.

«Gazeta.uz» avvalroq kompaniya UzAuto Motors bazasida Chevrolet Onix va Tracker avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etishga 427,7 mln dollar yo‘naltirishni rejalashtirayotgani haqida xabar qilgan edi. Loyihaning 2022 yilda ishga tushishi, quvvati esa yiliga 190 mingta avtomobilga teng bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq Tracker faqatgina Xitoy va Braziliyada sotilgan, biroq 12 dekabrda Amerikaning General Motors va Xitoyning SAIC Motor kompaniyalarining qo‘shma korxonasi xalqaro bozorda yangi Chevrolet Tracker avtomobilini sotishni boshladi. 209 ta avtomobildan iborat birinchi partiya O‘zbekistonga o‘tgan yilning dekabrida olib kelingan edi.