7 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaning 29 yilligiga bag‘ishlangan bayram tabrigida asosiy qonunning yangi loyihasi haqida so‘z ochdi.

Jumladan u o‘z nutqida shunday dedi: «Bugungi shiddatli davr bizdan zamonga mos harakat va o‘zgarishlarni talab etmoqda. Ana shunday talabga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘lish uchun Asosiy qonunimizning yangi loyihasini tayyorlashimiz, uni umumxalq muhokamasiga qo‘yib, bildirilgan takliflar asosida takomillashtirish, ushbu muhim siyosiy hujjatni 2022 yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yillik bayrami nishonlanadigan kunlarda qabul qilish, o‘ylaymanki, milliy davlatchilik an’analarimizga, xalqimiz manfaatlariga munosib ish bo‘ladi».

Davlat rahbari konstitutsiyaning yangi loyihasida bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari aks ettirilishi va ekologiyaga oid maxsus bob kiritilishini ta’kidladi.

«Gazeta.uz» ba’zi dunyo mamlakatlarining konstitutsiyalariga kiritilgan ayrim o‘zgarishlar haqida ma’lumotlarni to‘pladi.

AQSh

AQSh konstitutsiyasi dunyodagi ilk konstitutsiya hisoblanadi. Mazkur konstitutsiya 1787 yil 17 sentabrda qabul qilingan. Hozirgi kunga qadar unga 27 marta (bitta o‘zgarish bekor qilingan) o‘zgartirishlar kiritilgan.

AQSh konstitutsiyasiga o‘zgarishlar hujjat matniga kiritilmaydi, balki hujjatga ilova qilinadi. Mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgarishlardan ba’zilari quyidagilar:

1-o‘zgartish. So‘z erkinligi, e’tiqod erkinligi, ommaviy axborot vositalari erkinligi, turli yig‘inlar va namoyishlar o‘tkazish erkinligi, petitsiya yig‘ish huquqi — 1791 yilda kiritilgan.

2-o‘zgartish. Qurol saqlash va o‘zi bilan olib yurish huquqi 1791 yilda kiritilgan.

3-o‘zgartish. Harbiylarni shaxsiy uylarga ularning egasi roziligisiz joylashtirishni taqiqlash — 1791 yilda kiritilgan.

4-o‘zgartish. Asossiz tintuv olib borish va qo‘lga olishni taqiqlash — 1791 yilda kiritilgan.

5-o‘zgartish. Tegishli sud jarayoni kafolatlari, bir xil mazmundagi huquqbuzarlik uchun takroran taqib etishni taqiqlash, o‘ziga qarshi guvohlik bermaslik huquqi, rekvizitsiya uchun kafolatlar berish — 1791 yilda kiritilgan.

6-o‘zgartish. Ayblanuvchilarning huquqlari, shu jumladan hakamlar hay’atining sud ishlarini ko‘rib chiqish huquqlari — 1791 yilda kiritilgan.

13-o‘zgartish. Qullikning bekor qilinganligi — 1865 yilda kiritilgan.

18-o‘zgartish. Alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish va import qilish taqiqlangan — 1919 yilda kiritilgan, 1933 yilda ushbu o‘zgartish 21-o‘zgartish bilan bekor qilingan.

19-o‘zgartish. Ayollarning faol saylash huquqi joriy etildi — 1920 yilda kiritilgan.

22-o‘zgartish. Bir kishi prezidentlikka ikki martadan ko‘proq saylanishi mumkin emasligi — 1951 yilda kiritilgan.

Oxirgi o‘zgartish 1992 yil kiritilgan bo‘lib, u AQSh parlamenti a’zolariga to‘lanadigan kompensatsiya to‘g‘risida bo‘lgan.

Fransiya

Fransiyaning amaldagi konstitutsiyasi 1958 yil 4 oktabrda qabul qilingan bo‘lib, u odatda «Beshinchi Respublika Konstitutsiyasi» deb ataladi va u 1946 yildagi To‘rtinchi Respublika Konstitutsiyasi o‘rnini egallagan. Konstitutsiya qabul qilinganidan beri unga yigirma to‘rt marta o‘zgartirish kiritilgan.

2008 yilda kiritilgan oxirgi o‘zgartirishlarga binoan parlamentga prezidentning ayrim tayinlovlarini bekor qilish huquqi berildi, parlament qo‘mitalari ustidan hukumat nazorati tugatildi, parlamentga o‘z kun tartibini o‘zi belgilash huquqi berildi, prezidentga parlamentda nutq so‘zlash vakolati berildi, chet elda to‘rt oydan ortiq davom etadigan har qanday harbiy amaliyot uchun parlament roziligi kerakligi belgilab qo‘yildi.

Rossiya

Rossiyaning amaldagi konstitutsiyasi 1993 yil 25 dekabrda kuchga kirgan. Mamlakat konstitutsiyasiga birinchi muhim o‘zgarishlar 2008 yili kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra prezidentlik muddati 4 yildan 6 yilga, Davlat Dumasining vakolat muddati esa 4 yildan 5 yilga uzaytirildi. 2014 yilda Rossiya tarkibiga Qrimni qo‘shib olish haqida o‘zgartishlar kiritildi.

2020 yilda kiritilgan o‘zgarishlar prezidentlik muddatlarining maksimal sonini tartibga soluvchi moddadan «ketma-ket» bandini olib tashlash, Rossiya Federatsiyasi hududidan tashqarida xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan xalqaro tashkilotlar, shartnomalar va SSSR aktivlari bilan munosabatlarda Rossiyaning Sovet Ittifoqi vorisi sifatida tan olinishi bilan bog‘liq o‘zgarishlardir. Ushbu o‘zgartishlar Rossiya davlat rahbari Vladimir Putinning prezidentlik muddatlarini nollashtirib, yana prezidentlik saylovlarida qatnashish imkonini beradi.

Markaziy Osiyo

O‘zbekistonning mintaqadagi qo‘shnilari ham o‘z konstitutsiyalariga bir necha marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishgan.

Qirg‘iziston Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng ko‘p konstitutsiya qabul qilgan mamlakat hisoblanadi. Hozirgi kungacha Qirg‘izstonda to‘rt marta (1993, 2007, 2010, 2021) yangi konstitutsiya qabul qilingan. 1993 yilda qabul qilingan konstitutsiyaga keyinchalik 1996, 2003 va 2006 yillarda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. 2007 yil 21 oktabrda mamlakatda referendum yo‘li bilan yangi konstitutsiya qabul qilindi, biroq bu qonun ko‘p o‘tmay 2010 yilda yangi konstitutsiyaga almashtirildi.

2010 yilgi Qirg‘iziston konstitutsiyasi davlat boshqaruvida parlament rolini oshirgan holda prezident vakolatlarini chekladi. Bu qonun 2021 yilgacha amalda bo‘ldi. 2021 yil 11 aprelda 114 moddadan iborat Qirg‘izistonning yangi konstitutsiyasi qabul qilindi. Mazkur konstitutsiya bilan prezident vakolatlari qayta kengaytirilib, parlament vakolatlari cheklandi.

Qozog‘istonning amaldagi konstitutsiyasi 1995 yil 30 avgustda qabul qilingan. Konstitutsiya qabul qilinganidan buyon shu kungacha unga to‘rt marta qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan. Oxirgi o‘zgarish 2017 yil 10 martda kiritilgan bo‘lib, unda asosan prezident ixtiyorida bo‘lgan vakolatlarni parlament va hukumatga o‘tkazish bilan bog‘liq o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan.

Turkmanistonning amaldagi konstitutsiyasi 1992 yil 18 mayda qabul qilingan. Qabul qilinganidan buyon konstitutsiyaga 2008 va 2016 yillari o‘zgartirishlar kiritilgan. 2016 yildagi o‘zgarishlar prezident saylovda g‘alaba qozonishda davom etsa o‘z lavozimida noma’lum muddatga qolishiga imkon beradi.

Tojikiston konstitutsiyasi 1994 yil 6 noyabrda qabul qilingan. Konstitutsiya qabul qilinganidan buyon 1999, 2003 va 2016 yillari unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. 1999 yildagi kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra prezident 7 yil muddatga xalq tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish orqali saylanadi. 2003 yili referendum orqali kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra ayni bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas.

2016 yilda konstitutsiyaning 65-moddasiga o‘zgarish kiritildi, unga ko‘ra mazkur moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylanish haqida cheklash Tinchlik va milliy birlik asoschisi — Millat peshvosi, ya’ni amaldagi davlat rahbari Imomali Rahmonga nisbatan tadbiq etilmaydi. Bu o‘zgarish prezident Imomali Rahmonga muddatsiz qayta saylanish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu qonun bilan prezidentlikka nomzod bo‘lish yosh chegarasi 35 yoshdan 30 yoshga qisqartirilgan.

O‘zbekiston

O‘zbekiston Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabrda qabul qilinganidan buyon unga 16 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Ilk o‘zgarish 1993 yil 28 dekabrda konstitutsiyaning 77-moddasiga kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra Oliy Majlis 150 nafar deputatdan iborat bo‘lishi haqidagi so‘zlar olib tashlanib, «deputatlardan» degan so‘z bilan almashtirildi.

2003 yil 24 aprelda 76-modda tahrirlanib, unga Oliy Majlis ikki palata — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iboratligi to‘g‘risidagi norma kiritildi. Parlament palatalari vakolati muddati besh yil etib belgilandi.

Shu bilan birga, prezidentning Vazirlar Mahkamasiga raislik qilishi tugatildi. Biroq prezident ham davlat, ham ijro etuvchi hokimiyat rahbari bo‘ldi. Prezidentning ayrim vakolatlari esa Senatga o‘tkazildi.

Shuningdek, konstitutsiyaning 117-moddasiga O‘zbekistondagi saylovlar dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yil 8 fevraldagi qonun bilan ushbu moddaga yana o‘zgartish kiritilib, saylovlarning oktabr oyida o‘tkazilishi belgilandi.

2007 yil 11 aprelda Konstitutsiyaning 89-moddasidagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘idir» degan norma bekor qilindi va prezidentning maqomi davlat boshlig‘i va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydigan institut qilib belgilab qo‘yildi.

2008 yil 25 dekabrdagi o‘zgarishga ko‘ra Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari soni 120 nafardan 150 nafarga oshirildi.

2011 yil 18 aprelda kiritilgan o‘zgarishga ko‘ra parlament tomonidan bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumini bildirish instituti konstitutsiyada belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, bosh vazir va Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘rtasida doimiy ziddiyatlar kelib chiqqan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan prezident nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga kiritiladi.

2011 yil dekabrda konstitutsiyaga kiritilgan navbatdagi o‘zgartirishlar bilan prezidentning konstitutsiyaviy vakolat muddati yetti yildan besh yilga qisqartirildi.

2014 yil 16 aprelda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari sifatida parlament nazoratini amalga oshirish huquqi konstitutsiyada belgilandi. Shuningdek, 98-moddaga o‘zgartirish kiritilib, unga ko‘ra bosh vazir lavozimiga nomzod Oliy Majlisda ko‘rib chiqilayotgan va tasdiqlanayotgan paytda Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etishi belgilandi.

2017 yil 6 aprelda 111-moddaga kiritilgan o‘zgarishlar bilan Sudyalar oliy kengashining huquqiy maqomi konstitutsiyada belgilandi. Kengash sudyalar hamjamiyatining organi sifatida O‘zbekistonda sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Shuningdek, Oliy xo‘jalik sudi tugatilganligi sababli bosh qomusning 107-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi sifatida Oliy sud belgilandi.

2018 yil 15 oktabrda 105-moddaga o‘zgartirish kiritilib, fuqarolar yig‘ini raislarining ikki yarim yil muddatga saylanishi haqidagi norma olib tashlandi. «Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida»gi qonunga binoan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) uch yil muddatga saylanashi belgilab qo‘yildi.

2019 yil 4 sentabrda 117-moddaga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra endilikda Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Avvalgi tahrirga ko‘ra sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan har qanday shaxs saylovda ishtirok eta olmas edi.

O‘zbekiston konstitutsiyasiga eng oxirgi o‘zgartirishlar yuqorida aytib o‘tilganidek 2021 yil 8 fevraldagi qonun bilan kiritilgan bo‘lib, saylovlarning oktabr oyida o‘tkazilishi belgilangan.

Jamoliddin Xudoberdiyev tayyorladi.