22 dekabr kuni O‘zbekistonning uchta viloyatining sakkizta tumanida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida yangi tuman hokimlar tasdiqlandi.

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumaniga Sherali Kusenovich Salomov o‘rniga Xurshid Yahyoyevich Toxirov hokim bo‘ldi.

Tuman kengashi sessiyasida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov ijtimoiy-iqtisodiy sohani rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmushini yaxshilash borasida mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganini ta’kidladi.

Jamshid Sharopov. Foto: t.me/buxorouz_official.

Buxoro viloyati Shofirkon tumani Kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Shukrullo Hakimov tuman hokimi lavozimidan ozod etildi.

Yangi hokim etib bunga qadar Markaziy bankning Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Jamshid Fazliddinovich Sharopov tasdiqlandi.

Jo‘rabek Nurmatov. Foto: t.me/namvilhok.

Namangan viloyati Norin tumani hokimi lavozimiga Dilmurod Qodirov o‘rniga Jo‘rabek Xamidovich Nurmatov tayinlandi.

Bungacha (2020 yildan) u tuman hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Jahongir Rizzayev. Foto: t.me/namvilhok.

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumaniga Jahongir Nosirjonovich Rizzayev hokim etib tayinlandi. U 2018 yil may oyidan Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Avvalgi hokim Azimjon Abdumutalovich Vahobov faoliyatidagi kamchiliklari uchun lavozimidan ozod etilgan edi.

Avvalroq Buxoro viloyatining Romitan, Samarqand viloyatining Bulung‘ur, Oqdaryo va Namangan viloyatining Kosonsoy tumanlariga yangi hokimlar tayinlangani haqida xabar qilgan edik.