Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev avvalroq pul yetishmasligi sababli kirakashlik qilishga majbur bo‘lganini aytib o‘tdi. Bu haqda amaldor Toshkent yoshlar forumi — 2021 doirasida yoshlar bilan muloqotda ta’kidlab o‘tgan.

«2007 yilda Mehnat vazirligida yetakchi mutaxassis sifatida ish boshladim. 2007−2009 yillarda ishdan so‘ng, kechki payt pulim yetmagani uchun qizil Tico rusumli avtomashinamda kira qilardim. Hozir bir emas ikki nafar haydovchim bor. Toshkentni ulardan yaxshiroq bilaman. Lekin hamma shunday qilishi kerak, demoqchi emasman. Balki bu noto‘g‘ri hamdir», — dedi Sherzod Kudbiyev yoshlar bilan uchrashuvda. ‌

Eslatib o‘tamiz, Sherzod Kudbiyev 2020 yil may oyi o‘rtalarida Davlat soliq qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi.

Ma’lumot uchun, Sherzod Kudbiyev (1981 y. t.) Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan (mutaxassisligi — moliya va kredit). Vazir bo‘lishiga qadar Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2015−2016 yillarda Vazirlar Mahkamasi Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti mudiri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.