Shavkat Mirziyoyev «Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda Nigoh telegram kanali xabar berdi.

2021 yilning dekabr oyida aholining quyidagi qatlamlariga kiruvchi oilalarga 800 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi:

  • 2021 yil davomida «Temir daftar» ro‘yxatida bo‘lgan oilalarga;
  • 18 yoshga to‘lmagan farzandlari bor boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarga;
  • 18 yoshgacha bolalar uchun nogironlik nafaqasini oluvchi oilalarga.

Mart oyida Hukumat qarori bilan «Yoshlar daftari»ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga BHMning 4 baravarigacha (980 ming so‘m) miqdorda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgandi.

Shuningdek, daftarga kiritilganlarning OTM shartnoma pulini 50 foizini to‘lab berish, xorijda davolanish xarajatlarining BHMning 50 baravaridan oshmagan qismi qoplab berilishi aytilgandi.

Iyulda esa prezident farmoni bilan, avgust oyida «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan har bir farzandlari uchun 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgandi.

sentabr oxirlarida Orol dengizi fojiasi oqibatlaridan hammadan ko‘p jabr ko‘rgan Qoraqalpog‘istonning Muynov tumanida yashovchi har bir oilaga 5 mln so‘mdan bir martalik yordam puli tarqatilgandi.