Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxodjayev 20 dekabr kuni poytaxtda o‘tgan yoshlar forumida O‘zbekistonda TikTok ijtimoiy tarmog‘ining cheklanishiga izoh berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar qildi.

«TikTok masalasi bo‘yicha bu bitta platforma u yerda kontentlari har xil. Hamma o‘ziga kerakli kontentni olib qaraydi. Lekin ming afsuski, taqiqni qo‘ygan odamlar keraksiz kontentga kirganligi ko‘rinib turibdi. Agar kerakli kontentlarga kirganda hech qanday platformani zarari yo‘q deb o‘ylayman» — dedi poytaxt hokimi.

Ruslanbek Davletov. Foto: Toshkent yoshlar forumi.

Forumda shuningdek, adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham yoshlar bilan muloqot qilib, ijtimoiy tarmoqlar, xususan, TikTok va Twitter bloklanishiga oid savollarga javob berdi.

«Cheklovlar ko‘payib ketdi degani cheklovlar bo‘lishi kerak emas deganini anglatmaydi. U har doim maqbul darajada, o‘zining sohasiga qarab, qonundagi kontekstdan kelib chiqib bo‘lishi kerak. Ijtimoiy tarmoqqa keladigan bo‘lsak, men axborot almashinuvi erkinligi tarafdoriman. Bugungi asrda axborotni hech qachon cheklab, siz uni ustiga o‘tirib, jilovlay olmaysiz», — dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, axborot almashinuvini cheklash aholining qoloqligiga olib keladi.

«Mana tarixdan ham o‘rganing. 1445 yilda Guttenberg Germaniyada [bosma nashr dastgohini] kashf qilgan. O‘sha paytda u bosma nashrning orqasidan ozgina davr ichida ko‘plab millatlarni savodini chiqargan… Usmoniylar imperiyasi o‘z davlatiga Gutenberg dastgohini 18−19 asrgacha kiritmagan. Natijada nima bo‘ldi? Albatta, xalqni [savodxonlik bo‘yicha] qoloqlikka olib keldi. Bu yoqda axborot almashinib yotipdi, uning orqasidan XVI asrda sanoat inqilobi bo‘lib ketdi. Sanoat inqilobidan keyin u hamma narsaga ta’sir qildi: flot, ishlab chiqarish kuchayib ketdi, mehnat unumdorligi va raqobat oshib ketdi. Shuning orqasidan Yevropa kuchayib ketdi», — deya so‘zlab berdi Adliya vazirligi rahbari.

Shunga qaramasdan, Ruslanbek Davletov noqonuniy kontent mavjudligini hisobga olish zarurligini, biroq, bu masalaga qonun orqali emas, balki ahloq nuqtai nazaridan yondoshishga qarshiligini tan oldi.

«Axborot almashishi kerak, bilim tarqaladi. Lekin, noqonuniy kontent har doim bo‘ladi. Masalan, bu nima? Terrorizmga boshlovchi, diniy adovat uyg‘otuvchi, pornografiya yoki yoshlarga nisbatan zo‘ravonlik yoki boshqalar. Buni hammasi demokratik jamiyatlarda [qonun bilan] tartibga solingan. Bizni qonunlarda ham bor. Qonun orqali ishlasak, yanglishmaymiz. Agar kim ahloqiy nuqtai nazardan qarasa, hammada har xil ahloqiy standart bor. Biz ko‘p millatli xalqmiz, hamma bir xil ahloqiy standartga qarab yashamaydi. Kiyinishi ham, yeydigan ovqati ham, ichadigan narsasi ham boshqacha. Shuning uchun ahloqiy qoidalar bilan hammaga bir xil qilamiz desak, hammaning huquqini (buzib) qo‘yamiz. Albatta qarshiman bunaqa narsalarga», — dedi vazir.

2020 yilgi yoshlar forumida poytaxt hokimi O‘zbekistonda tiktokerlar faoliyatini cheklash kerak emaslini aytgandi.

«TikTok ham ijtimoiy tarmoqlar, internet olamining bir qismiga aylanib ulgurdi. Ularni cheklash emas, balki to‘g‘ri yo‘lga solishimiz kerak. O‘zbekiston demokratik davlat bizga cheklash yarashmaydi. Ularni to‘g‘ri yo‘lga solsak, bugun arzimasdek ko‘ringan o‘sha yoshlar ertaga kerakli insonga aylanadi», — degan edi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Iyul boshida «fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning qonuniy talablarini» buzganligi uchun TikTok ijtimoiy tarmog‘i faoliyati cheklangandi. Uning qatorida Twitter, Skype va VKontakte ham «qora ro‘yxat»dan joy olgandi. Ushbu resurslar hanuz VPN orqali ishlamoqda.

O‘tgan hafda TikTok foydalanuvchilari tarmoq ochilishni boshlaganini ma’lum qilishgandi. Biroq, «Gazeta.uz» xodimlari tekshirganida — tarmoqning mobil versiyasida videolar sekin ochilayotgani, veb-sahifada esa umuman ochilmayotganini aniqlagandi. Har ikki holatda ham tarmoq VPN bilan uzilishlarsiz ishlamoqda.