O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkentning Yakkasaroy tumanida 81 tup daraxt kesilishi bo‘yicha to‘langan 1,89 mlrd so‘m miqdoridagi jarima pullari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hisobiga o‘tkazib berilmayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan JKning 205-moddasi 2-qismi «a» bandi va 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida 1 mlrd 891 mln so‘mdan ziyodroq miqdorida hisoblangan zarar Toshkent prokuraturasining depozit hisob raqamiga undirilgan.

Tergov harakatlari 2020 yil 10 iyul kuni to‘xtatilgan bo‘lib, bunga JPKning 364-moddasi 1-qismi 1-bandi asos qilib olingan. 2021 yil 5 dekabr kuni dastlabki tergov qayta tiklangan va ayni damda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

«Jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinganidan keyin shahar prokuraturasi depozit hisob raqamida saqlanayotgan mablag‘ taqdiri hal qilinadi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev so‘roviga javoban Ekologiya davlat qo‘mitasi Toshkent prokuraturasidan haligacha 1 mlrd 890 mln so‘m tushmagani, ular haligacha departament depozit hisob raqamida ekanligini ma’lum qilgan edi. Bu ma’lumotni «Gazeta.uz»ga qo‘mita tasdiqladi.

E’lon qilinganidan biroz vaqt o‘tib Rasul Kusherbayev o‘z postini o‘chirib tashladi. «Gazeta.uz» deputat bilan bog‘landi, biroq u izoh berishdan bosh tortdi va ehtimoliy bosim haqidagi savolga javob bermadi.