Toshkentdagi ulgurji «Qo‘yliq» bozori bosqichma-bosqich yangi savdo majmua Food City`ga ko‘chiriladi. Bu haqda Bektemir tuman hokimi Tapil Maxamadziyayev 13 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

U Food City Bektemir hududida joylashganini eslatib o‘tdi — avgust oyida Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanining bir qancha hududi Bektemir tumaniga o‘tkazilgandi.

«Food City`da shundoq sharoitlar yaratilganki, bunaqa sharoit o‘zimizni Ekobozorda (Ecobozor — Toshkentdagi yopiq bozorlar tarmog‘i) ham yo‘q. «Qo‘yliq»da asfaltda o‘tirib sotgandan ko‘ra, o‘sha yerga [Food City] oborib sotgan ma’qul. Kadastri borlarga albatta, davlat tomonidan hamma ziyoni 100 foiz qoplab beriladi», — dedi u.

Tapil Maxamadziyayev bozorga ko‘chish bosqichma-bosqich amalga oshirilishini, ilk uch oy mobaynida yangi majmua ma’muriyati savdogarlardan pul undirmasligini ta’kidladi: «Biz buni shartlarini kelishib oldik».

«Men bittagina elementini aytaman. U yerda (Food City`da — tahr.) 6×4 metrlik 4 ta monitori bor. Bitta aylantirishi 100 mln so‘m. Bu bozorga qo‘shimcha daromad olib keladi», — dedi u.

Hokim shuningdek, sotuvchilarning yangi majmuaga ko‘chishi oziq-ovqat mahsulotlarining narxi o‘sishiga ta’sir qilishi haqidagi xavotirlarga ham izoh berib o‘tdi. Ilk uch oy ichida narxlarda tebranishlar bo‘lib turadi. «Narx tushadi, ko‘tariladi — endi bu hayot», — dedi u.

«Oxirgi paytda o‘zimizni „Qo‘yliq“ bozoriga tushsangiz bir narsaga turtinib yoki bir joyga yiqilib, bir narsa bo‘lishingiz aniqda. O‘zim ham o‘sha yerdan bozor qilaman, majburman shunga. Lekin biz uni bosqichma-bosqich ko‘chirmasak bo‘lmaydi», — dedi tuman rahbari.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi «Qo‘yliq» va «Eski Juva» bozorlaridagi har kunlik narxlarni monitoring qilib bormoqda. Agar 1 va 15 dekabr kunlaridagi narxlarni solishtiradigan bo‘lsa, sabzi, sarimsoq piyoz, lavlagi, bodring, pomidor, piyoz, baqlajon, bolgar qalampiri, noxot, loviya, guruch va boshqa mahsulotlarning narxi qimmatlashganini ko‘rishimiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, «Qo‘yliq» dehqon bozori direktori o‘rinbosari Qodirjon Normirzayev bozor buzilishi yoki ko‘chishi haqida xat yoki og‘zaki topshiriq berilmaganini, shu bois u buzilmasligini ma’lum qilgandi.

Unga qadar «Gazeta.uz» «Qo‘yliq» bozorini ko‘chirish va Toshkent viloyatida yangi savdo majmuasini qurish to‘g‘risidagi qaror 2017 yildayoq qabul qilinganni haqida yozgan edi.