“Qo‘yliq” dehqon bozori direktorining xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Qodirjon Normirzayev bozor buzilishi yoki ko‘chishi haqida xat yoki og‘zaki topshiriq berilmaganini ma’lum qildi. Bu haqda u O‘zAning video reportajida aytib o‘tgan.

“Yangi most bu hozircha loyiha. Ushbu mostni qurilishiga 2025 yil yoki boshqa ma’lum bir vaqt belgilanmagan. Qurilgan taqdirda ham most bilan bozor orasida katta joy bor, aylanma yo‘l qilib, pastga tushirganda ham bozorga halaqit qilmaydi. Bozorning yangi bozorga ko‘chirilishi bo‘yicha hali bizga shahar hokimiyati tomonidan yoki bozorlar markazi tomonidan ham hech qanaqa xabar berilmagan. Va bizga bu bo‘yicha ogohlantirish xatlari ham yuborilmagan”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qurilgan bozor ulgurji savdoga mo‘ljallangan bo‘lib, u yerda katta fura mashinalari erkin, to‘siqsiz harakatlanib kirib kela oladi. “Bundan maqsad bozorga kelayotgan mashinalarni shahar tashqarisida harakatlanib, shahar ichida tirbandlikni oldini olish uchun mo‘ljallangan joy”, — dedi ma’muriyat vakili.

Foto: Videodan lavha.

Videoda bozor sotuvchilari va ishchilari 31 dekabrga qadar Food City`ga ko‘chish bo‘yicha ogohlantirish xati ma’muriyat tomonidan berilganini ta’kidlashmoqda.

Bozor direktori nomiga yozdirilgan xatda aricha 31 dekabr kunigacha faoliyatini tugatib, Food City`da faoliyatini davom ettirishi, agar ushbu qonuniy talabga amal qilmasa MJtKning 183 moddasi (mayda bezorilik), 194 moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) hamda Jinoyat Kodeksining 277 moddasi (bezorilik) va 229 moddasi (o‘zboshimchalik) asosida javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilgan. Biroq xatda mazkur moddalar dispozitsiya deya qayd etilgan.

Qodirjon Normirzayevning ishontirishicha, ogohlantirish xatlari ma’muriyat tomonidan berilmagan.

“Uni [ogohlantirish xatini] pattachi bergandir. Mendagi ma’lumotga ko‘ra, bozor buzilmaydi. Bozor buzilishi, ko‘chishi bo‘yicha xat ham kelmagan”, — dedi u.

Bozordagi savdogarlar va ishchilarning qo‘lidagi xat bo‘yicha esa javob bera olmasligini qo‘shimcha qilgan.

O‘za vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xodimi bilan bog‘langan, biroq muxbir bozorlar bo‘yicha ma’sul shaxsning telefon raqamini olomagan.

7 dekabr kuni Toshkent shahar hokimligi “Qo‘yliq” bozori yo‘l o‘tkazgichi kengaytirilishi tufayli boshqa joyga ko‘chirilishini ma’lum qildi.

9 dekabr kuni ertalabdan “Qo‘yliq” bozori hozirgi joyidan 6,5 km uzoqlikdagi “FOODCITY” savdo markaziga ko‘chirilishi haqidagi xabarlar tarqaldi.

Shu kuni “Gazeta.uz” bozorni ko‘chirish va Toshkent viloyatida yangi savdo majmuasini qurish to‘g‘risidagi qaror 2017 yildayoq qabul qilingani haqida tahliliy material e’lon qildi. Unda Food City savdo markazi vakili bilan suhbat hamda loyihaning boshqa tafsilotlari ham aniqlandi.

Payshanba kuni “Qo‘yliq” bozori avtoturargohiga mashinalar kiritilmayotgani ortidan bir guruh odamlar avtomobil yo‘lini to‘sishga urinishdi.

12 dekabr kuni Bosh prokuratura bozor buzilishiga qarshi norozilik bildirib, yo‘lni to‘sib qo‘ygan tadbirkorlarning ishi Bektemir tuman ma’muriy sudida ko‘rilib, ularning besh nafariga 5−7 kun qamoq jazosi tayinlanganini ma’lum qildi.