Bugungi kunda Rossiyadagi mehnat migrantlarining o‘rtacha oylik daromadi 47,1 ming rublni tashkil etadi. Rus tilini bilish darajasiga qarab, ish haqi 12 ming rublgacha farq qilishi mumkin. Bu haqda Rossiya migrantlar federatsiyasi (RMF) prezidenti Vadim Kojenov NSN matbuot markazida ma’lum qildi.

Kojenovning so‘zlariga ko‘ra, yil davomida FMR Moskva davlat universiteti bilan birgalikda mehnat migrantlari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. So‘rovda Markaziy Osiyoning uchta davlati, jumladan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan borgan jami 4739 nafar mehnat migrantlari ishtirok etganligi aytilmoqda.

So‘rov natijalarining tasdiqlashicha, mamlakat miqyosida migrantlarning o‘rtacha maoshi 47,1 ming rublni (6,9 mln so‘m, Markaziy bankning 14 dekabr uchun kursi bo‘yicha 1 rubl = 147,43 so‘m) tashkil qiladi. Shuningdek, migrantlarning ko‘pchiligi o‘rtacha 77 ming rubl (11,4 mln so‘m) atrofidagi oylik daromadga ega bo‘lish istagida ekanliklarini bildirgan.

Bundan tashqari, rus tilini bilish darajasiga ko‘ra ish haqlarida farqlar mavjud bo‘lib, rus tilini yaxshi biladiganlar ko‘proq — oyiga o‘rtacha 49 ming rubl (7,2 mln so‘m), rus tilini yaxshi bilmaydiganlar — oyiga o‘rtacha 37 ming rubl (5,5 mln so‘m) ishlab topadi.

Qayd etilishicha, mehnat migrantlari eng ko‘p faoliyat yuritadigan tarmoqlar orasida qurilish (oyiga o‘rtacha 54 ming rubl) hamda transport-logistika (oyiga o‘rtacha 52 ming rubl) tarmoqlari eng daromadli deb topilgan. Eng kam ish haqi esa qishloq xo‘jaligi va maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lgan migrantlarga to‘lanadi (oyiga o‘rtacha 36−41 ming rublgacha).

Mehnat migrantlarining Rossiyaga kelish sabablari o‘rganilganida, 57 foiz respondentlar o‘z mamlakatida ish haqi darajasining pastligini, 30 foizga yaqini ish o‘rinlarining yo‘qligini, 18 foizi esa turmush darajasining pastligini qayd etgan.

Kojenovning ta’kidlashicha, Rossiyada mehnat migrantlari aksariyat hollarda (35 foiz) tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatining yo‘qligi, shuningdek, turar joy topish hamda turli davlat organlarida duch kelinadigan korrupsiya bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekishlari aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatda 3 yilgacha bo‘lgan vaqtdan beri mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan migrantlarning 30 foizi Rossiyada qolishni istaydi. 5 yildan ortiq vaqt davomida ishlab kelayotganlarning 57 foizi esa Rossiyada butunlay qolishni xohlashadi.

Oldinroq 2021 yilning 9 oyi davomida 3 mlndan ortiq O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga ishlash uchun borganlari ma’lum qilingan edi.