2021 yilning 9 oyida Rossiyaga ishlash maqsadida kelgan xorijliklar orasida O‘zbekiston fuqarolari son jihatdan birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda RT Rossiya IIV matbuot xizmatiga (jadval) tayanib xabar qildi.

Qayd etilishicha, birinchi to‘qqiz oy davomida O‘zbekistondan Rossiyaga 3 mln nafardan ziyod kishi kelgan. Ulardan 3 mln 54 ming 180 nafari Rossiyada ishlash uchun kelganligi aytilmoqda.

Ushbu davr mobaynida Rossiyaga ishlash uchun kelgan mehnat migrantlari orasida ikkinchi o‘rinni tojikistonliklar egalladi. Yanvar-sentabr oylarida Rossiyaga qariyb 1,6 mln Tojikiston fuqarosi ishlash uchun kelgan. Shuningdek, Qirg‘izistondan 623 mingdan ortiq, Armanistondan qayrib 300 ming va Ozarbayjondan 200 minga yaqin kishilar mamlakatga ishga joylashish maqsadida kelishgan.

Shuningdek, RFga kelgan sayyohlarning katta qismi Belarusdan — 30,5 ming kishi kelgan bo‘lsa, Germaniya 16,4 ming kishi bilan ikkinchi, Ukraina 15,3 ming kishi bilan uchinchi pog‘onani band etdi.

Tojikiston va O‘zbekistondan yana 60 ming nafardan fuqaro Rossiyaga ta’lim olish uchun kelgan. Qog‘ozistondan Rossiyaga o‘qish uchun 55 ming, Turkmaniston va Misrdan esa 30 ming nafardan ko‘proq talaba kelgan.

Bundan tashqari, ushbu davr mobaynida Rossiyaga biznes-hamkorlik maqsadlarida eng ko‘p Xitoy (11,2 ming), O‘zbekiston (10,4 ming), Germaniya (10,3 ming), Belorussiya (10,2 ming) va Qozog‘iston (9889) fuqarolari tashrif buyurgan.

Shu yilning may oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan hozirda 1,7 million o‘zbekistonliklar chet elda mehnat qilishini va ular asosan Rossiya va Qozog‘istonda ishlashlari ma’lum qilingandi.