8 dekabr kuni Toshkent shahrida «Italiya — Markaziy Osiyo» shaklidagi ikkinchi vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Italiya va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idoralari rahbarlari, iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari ishtirok etgan.

Delegatsiyalar Markaziy Osiyo davlatlari va Italiya o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilgan.

Shu bilan birga, mintaqadagi ekologik muammolarni hal etish, ekstremizm va terrorizm kabi transmilliy tahdidlarning oldini olish, shuningdek, millatlararo totuvlik, xalqlarning do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlash yo‘llari tahlil etilgan.

Tadbirda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekistonning mintaqaviy strategiyasiga to‘xtatib o‘tgan. Xususan, muloqotlar jarayonida va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik modelini takomillashtirish, mintaqa duch kelayotgan zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga qarshi chora tadbirlar ishlab chiqish belgilangani keltirib o‘tilgan.

U mintaqaning iqtisodiy taraqqiyotiga Afg‘onistondagi vaziyat ham ta’sir qilishda davom etishi aniqligini, qolaversa, bugungi kunga kelib afg‘on xalqi juda og‘ir ahvolga tushib qolganini qo‘shimcha qilgan.

TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat yana yakkalanib qolmasligi uchun Afg‘onistonning yangi hukumati bilan konstruktiv dialog olib borish lozim. U hozir afg‘on xalqi juda og‘ir ahvolda ekanligi, mamlakatdagi hozirgi gumanitar vaziyat falokatga yaqinligini eslatdi.

«Gumanitar falokatning oldini olish uchun Afg‘onistonga gumanitar yordam yo‘lagini taqdim etish zarur. Shuningdek, xalqaro hamjamiyatni sanksiyalarni bekor qilish, Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini qaytarish va mamlakat bank tizimini tiklashga yordam berish choralarini ko‘rishga chaqiramiz» — deyiladi vazir nutqida.

Vazir O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston uchun mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega deb hisoblashini qo‘shimcha qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ustuvor vazifa Afg‘onistonni iqtisodiy tusdagi mintaqaviy integratsiya jarayonlariga yanada faol jalb qilish, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo‘lib qolishi kerak.

Bundan tashqari, vazir O‘zbekiston Afg‘onistonning yangi hukumati xalqaro majburiyatlar: keng vakillikka asoslangan hukumatni barpo etish, insonning asosiy huquq va erkinliklariga, shu jumladan ayollar va milliy ozchiliklarning huquqlariga rioya qilish, xalqaro terrorizm va narkotrafikga qarshi kurash, turli terroristik guruhlarning mamlakat hududiga joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ular bilan har qanday aloqalarni to‘xtatish, mintaqa davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashni amalga oshirishiga umid qilishini eslatib o‘tdi.