O‘zbekiston davlat organlari va tashkilotlari o‘z ixtiyorlarida bo‘lgan xizmat avtomobillari, uy-joy va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi axborotlarni e’lon qilishni boshladi. Prezidentning 2021 yil 16 iyundagi qarori bilan mazkur ko‘rsatkichlar ochiq e’lon qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritildi. Shunday qilib, вазирлик va idoralar endilikda ushbu ko‘rsatkichlarni har chorakda o‘z saytlarida va ochiq ma’lumotlar portaliда e’lon qilib borishlari shart.

Ayni vaqtda portaldagi ma’lumotlar tartibsiz, imloviy va texnik xatolar bilan taqdim etilgan. Ba’zi davlat organlari avtomobil modeli, rangi, ishlab chiqarilgan yili, transport biriktirilgan shaxs, davlat raqami, balans qiymatini ko‘rsatgan bo‘lsa, boshqalari faqat avtomobillar sonini ko‘rsatgan holda to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarni joylashtirgan (masalan, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va boshqalar).

Prezident Administratsiyasi, Mudofaa vazirligi, bosh vazir va bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, Ichki ishlar, Energetika, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari va aksariyat hokimliklar xizmat avtomashinalari ma’lumotlarni e’lon qilmagan.

«Gazeta.uz» yirik vazirlik va idoralarning xizmat avtomashinalari parkini tahlil qilib, mamlakatning yuqori martabali amaldorlari qanday avtomobillardan foydalanishini aniqladi. Vazirlar orasida Mercedes-Benz S 450 4MATIC, ularning o‘rinbosarlari orasida esa Malibu va Captiva eng ommabop avtomobil bo‘lib chiqdi.

Iqtisodiy rivojlanish vazirligi

Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ixtiyoriga 2015 yilda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz avtomobili, uning o‘rinbosarlariga 2019 va 2017 yillarda ishlab chiqarilgan Malibu-2 avtomobillari biriktirilgan.

Vazirlik avtoparkida, shuningdek, maxsus maqsadli (xorijiy delegatsiyalarni kutib olish va boshqa maqsadlarda foydalaniladigan) Hyundai Santa Fe (2010), ikkita Toyota Land Cruiser (2012 va 2018), Damas va bir nechta Lacetti (2020) mavjud.

Moliya vazirligi

Moliya vaziri Timur Ishmetovga 2018 va 2019 yilda ishlab chiqarilgan ikkita Mercedes-Benz biriktirilgan bo‘lib, ulardan biri maxsus avtomobildir. Uning barcha o‘rinbosarlari Malibu-2 (2018) minishadi.

Moliya vazirligi avtogarajida oltita Lacetti ham bor.

Mercedes-Benz S 450 4MATIC. Foto: sales.mercedes-avangard.ru.

Transport vazirligi

Transport vazirligi balansidan 2019 yilda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz S 450 4MATIC, to‘rtta Malibu (2018) va Lacetti (2019) o‘rin olgan. Shu o‘rinda, vazirlik mashinalar aynan kimga biriktirilganini ko‘rsatmagan. Ammo, avvalgi ikki vazirlik avtomobillari iyerarxiyasidan kelib chiqilsa, Mercedes-Benz transport vaziri Ilhom Maxkamovga, Malibu esa uning o‘rinbosarlariga xizmat ko‘rsatadi.

Mehnat vazirligi

Xuddi shunday avtomobillar Nozimjon Husanov rahbarlik qilayotgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ham taqdim etilgan. Xususan, vazirga Mercedes-Benz, uning uch o‘rinbosariga esa Malibu biriktirilgan.

Avtoparkda bittadan Lacetti va Cobalt ham bor.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Cadillac XTS. Foto: auto.ironhorse.ru.

Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev avvalgi vazirdan Cadillac XTS hukumat sedanini qabul qilib oldi.

Ochiq ma’lumotlar portali ma’lumotlariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova 2019 yilda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz S 450 4MATIC avtomobilida yuradi. Vazirning qolgan o‘rinbosarlari Amirillo Inoyatov, Ulug‘bek Sobirov va Abdulla Azizov Malibu (2019 va 2020) avtomobilida qatnashadi.

Qurilish vazirligi

Qurilish vazirligida ham xizmat avtomobillari kimga biriktirilgani ko‘rsatilmagan. Vazirlik avtoparki 2009 yilda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz S 450 4MATIC, to‘rtta Malibu (2013, 2019 va 2020), Cadillac XTS (2014), Hyundai (2019) va Lacetti (2015) avtomobillaridan tarkib topgan.

TIV

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovga Mercedes-Benz S 450 avtomobili xizmat ko‘rsatadi. Uning o‘rinbosarlaridan biri hamda prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Cadillac XTS (2016) avtomobilida harakatlanishadi. Yana to‘rt o‘rinbosar va matbuot kotibi Malibu (2020 va2013) avtomobilida yurishadi.

TIV parkida, shuningdek, navbatchilar va mehmonlar, hududlardagi konsulxonalar va boshqalar uchun beshta Malibu (2013 va 2017), ikkita Lacetti (2010), uchta Cobalt (2018), ikkita Epica (2011), BMW 750 LI (2016), beshta Captiva (2017) saqlanmoqda.

2016 BMW 750Li. Foto: guideautoweb.com.

XTV

Xalq ta’limi vazirligi xizmat avtomobillari ro‘yxatidan Mercedes-Benz (2017), beshta Malibu (2018 va 2020), Equinox (2020) va ikkita Lacetti (2017) avtomobillarini ko‘rish mumkin.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov uchun Mercedes-Benz S 450 (2009 yilda ishlab chiqarilgan), uning uch o‘rinbosari uchun esa — Malibu-2 (2019−2021) biriktirilgan. Xizmat avtomobillari ro‘yxatida ikkita Lacetti ham mavjud.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovga 2018 yilda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz S 450 biriktirilgan. Uning olti o‘rinbosari va matbuot kotibi Malibu-2 (2018) avtomobilida yurishadi. Yana bir o‘rinbosari Otabek Choriyev tasarrufida esa Skoda Kodiaq (2021) mavjud.

Xorijiy delegatsiyalar uchun Toyota Land Cruiser (2013) avtomobilidan foydalanishadi. Garajda ikkitadan Lacetti va Nexia, Mercedes-Benz S 600 (1996) ham mavjud.

Toyota Land Cruiser 2013. Foto: netcarshow.com.

AKT vazirligi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Chevrolet Traverse (2020), uning to‘rt o‘rinbosari Equinox (2020) dan foydalanadi.

Adliya vazirligi

Adliya vazirligi o‘zining avtoparki, jumladan, hududiy boshqarmalar ma’lumotlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, davlat idorasida 320 ta avtomobil mavjud bo‘lib, ularning aksariyatini Nexia tashkil etadi.

Vazir Ruslanbek Davletovning o‘zi 2015 yilda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz, uning to‘rt o‘rinbosari Malibu-2 (2017 yil) minishadi. Qoraqalpog‘iston adliya vaziri va viloyatlar bo‘limlari rahbarlari Captiva avtomobiliga ega.

Avtoparkda Toyota rusumiga mansub maxsus transport vositalari ham mavjud.

Skoda Kodiaq, Chevrolet Trailblazer, Equinox va Traverse. Foto: «Gazeta.uz».

Madaniyat vazirligi

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga 2009 yilda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz, uning uch o‘rinbosariga esa Malibu-2 (2020−2021) biriktirilgan. Xizmat avtomobillari ro‘yxatidan ikkita Lacetti ham o‘rin olgan.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatovning haydovchisi Mercedes-Benz E 450 4MATIC (2019) boshqaradi. Uning ikki o‘rinbosari esa Lacetti (2016−2017), yana biri — Malibu (2017) avtomobilida harakatlanadi.

Vazirlik balansidagi Nissan (2012) va Mercedes-Benz S 350 (2007) onlayn auksionda sotuvga qo‘yilgan.

Innovatsiyalar vazirligi

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va uning o‘rinbosari, Ilg‘or texnologiyalar markazi rahbari Shahnoza Turdiqulova Malibu-2 (2018) avtomobilidan foydalanishadi.

Qolgan 16 ta avtomobil mahalliy ishlab chiqaruvchining Lacetti, Nexia, Damas modellaridan tarkib topgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Qishloq xo‘jaligi vazirligi eng xilma-xil avtotransport parkiga ega. 2021 yil iyul holatiga ko‘ra vazir Jamshid Xodjayev Mercedes-Benz, uning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev Chevrolet Trailblazer, qolgan olti nafar o‘rinbosar ikkita Malibu, Hyundai Tucson, ikkita Captiva va Kia avtomobillarida yurishadi.

Vazir maslahatchilariga Saptiva va Toyota Land Cruiser, matbuot kotibiga — Captiva, ikki navbatchiga — Cobalt va Lacetti biriktirilgan.

Mahalla vazirligi

Mercedes-Benz E 450. Foto: evo.co.uk.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov ixtiyorida Mercedes-Benz E 450 (2020 yil), uning birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma’rufova va o‘rinbosarlari Botir Parpiyev, Sodiqjon Turdiyevga esa Malibu (2020, 2019, 2017, 2016) avtomobillari biriktirilgan.

Matbuot xizmati rahbari uchun Captiva ajratildi. Avtoparkda ikkita Lacetti va bitta Nexia ham bor.

Turizm va sport vazirligi

Toyota Avalon. auto.ironhorse.ru.

Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovning haydovchisi Toyota Avalon va Malibu-2 boshqaradi. Uning birinchi o‘rinbosari va to‘rt o‘rinbosari uchun to‘rtta Malibu va bitta Captiva, vazir maslahatchilari uchun — ikkita Malibu va bitta Lacetti biriktirilgan.

Mehmonlar uchun Toyota Prado, boshqaruv apparati uchun — Malibu, navbatchilar uchun — Lacetti va Nexia xizmat ko‘rsatadi.

Bosh prokuratura

Hyundai Santa Fe. Foto: motor.ru.

Bosh prokuratura — ro‘yxat taqdim etgan yagona huquqni muhofaza qilish organi. Idora parki 76 ta avtomobildan iborat:

  • Mercedes-Benz S 450 — 1 dona;
  • Toyota Land Cruiser Prado — 3;
  • Malibu-2 — 6;
  • Captiva — 3;
  • Equinox — 1;
  • Lacetti — 49;
  • Citroen Jumper — 1;
  • Damas — 1;
  • Labo — 1;
  • Nexia — 6;
  • Isuzu Midibus — 1;
  • Hyundai N1 — 2;
  • Hyundai SantaFe — 1.

Fanlar akademiyasi

Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yuldashev 2016 yilda ishlab chiqarilgan Cadillac XTS avtomobilida harakatlanadi. Bosh ilmiy kotib va u nafar vitse-prezident Lacetti avtomobilidan foydalanishadi.

Davlat statistika qo‘mitasi

Davlat statistika qo‘mitasi rahbari tasarrufida Mercedes-Benz S 350 (2010 yilda ishlab chiqarilgan), uning uch o‘rinbosarida esa Malibu (2018, 2012 va2019), yana birida — Toyota Camry (2012) mavjud.

DSQ

Davlat soliq qo‘mitasi ham 220 dan ortiq, aksariyati Nexia avtomashinasidan tarkib topgan parki haqida to‘liq ma’lumot berdi. Sherzod Kudbiyev rahbarlik qilayotgan DSQ rahbariyati uchun Mercedes-Benz va oltita Malibu ajratilgan.

Qo‘mitaning hududiy bo‘limlari rahbarlari Malibu, Captiva, Toyota Land Cruiser, Trailblazer, Equinox avtomobillarida yurishadi.

Ekologiya davlat qo‘mitasi

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisiga (lavozim avgust oyidan beri vakant) Mercedes-Benz E 450 rusumli (2019 yilda ishlab chiqarilgan), birinchi o‘rinbosariga (u ham vakant) Toyota Prado (2016 -yil), yana ikki o‘rinbosarga — Captiva ajratilgan.

Ekologiya qo‘mitasining xizmat avtomobillari ro‘yxatidan UAZ Patriot, Cobalt, Damas, Lada Niva va XRAY, Hyundai H-1 avtomobillari ham o‘rin olgan.

Geologiya qo‘mitasi

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobir Islomov Mercedes-Benz (2009), uning birinchi o‘rinbosari Shamsiddin Alimov va ikki o‘rinbosari — Malibu (2019, 2018 va 2015), boshqa o‘rinbosari — Captiva (2018) avtomobillaridan foydalanadi.

O‘rmon qo‘mitasi

Nizomiddin Bakirov rahbarlik qilayotgan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi avtoparki Mercedes-Benz E 450 (2019), Mercedes-Benz S 450 (2009), ikkita Mercedes-Benz S 450 (2018), Toyota Camry (2006), Malibu (2019) 2018) , Captiva (2017) va boshqalardan tarkib topgan.

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi

Mercedes-Benz E 400 Coupe. Foto: mbofhenderson.com.

Akmal Burxonov rahbarlik qilayotgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi avtoturargohida Mercedes-Benz E 400 (2021), Captiva (2021), to‘rtta Malibu (2020−2021) va Lacetti (2020) avtomobillarini uchratish mumkin.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi avtoparki eng ko‘p (6) Mercedes-Benz mavjud. Agentlik direktori Dmitriy Liga Mercedes-Benz S 560 (2019) va Toyota Land Cruzer (2019), uning ikki o‘rinbosariga — Cadillac XTS (2016) va Malibu-2 (2018) biriktirilgan.

Navbatchilarga Mercedes-Benz V250 va S 350 (2003 va 2018), ikkita S 450 (2018) va yana bitta S 560 (2018) topshirilgan. Bundan tashqari, agentlik ixtiyorida ikkita Captiva, yana uchta Malibu, beshta Lacetti va Damas mavjud.

Oliy sud

Kozimjon Komilov rahbarlik qilayotgan Oliy sud uchun Mercedes-Benz E 450 (2020 yil), sakkizta Malibu (2012−2021) va 10 dan ortiq mahalliy avtomobillar ajratilgan.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi

Qahramon Sariyev raisligidagi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi avtoparkida 23 ta avtomobil, jumladan, ikkita Toyota Prado (2017, 2009), 11 ta Captiva (2015−2018), Trailblazer (2020) va boshqa mahalliy avtomobillar mavjud.

Namangan viloyati hokimligi

Namangan viloyati hokimligida hokim Shavkatjon Abdurazoqovga biriktirilgan Toyota Land Cruizer 200 (2020) va Mercedes-Benz E, shuningdek, to‘rtta Lacetti va bitta Nexia (2018−2019) mavjud.

Toshkent viloyati hokimligi

Mercedes-Benz S 450 4MATIC 2018. Foto: motorauthority.com.

Toshkent viloyati hokimiga (hozir Zoyir Mirzayev, undan oldin — Davron Hidoyatov) birdaniga uchta avtomobil — ikkita Mercedes-Benz S 450 4MATIC (2009 va 2018) hamda Toyota Land Cruizer (2011) ajratilgan.

Hokimning birinchi o‘rinbosari Muzaffar Fayziyev Malibu (2020 yil), hokimning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha birinchi o‘rinbosari (vakant lavozim) — Captiva (2018), hokim o‘rinbosari Barxayot Meliyev — Captiva (2015), hokim o‘rinbosari Jamshid Babajanov (2016), hokim o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi rahbari Najmiddinxo‘ja Sharipov — Cadillac XTS (2016), hokim o‘rinbosari Shuhrat Hakimov — Toyota Land Cruiser Prado (2017) avtomobilida yurishadi.

Qolgan o‘rinbosarlar, hokim yordamchisi va maslahatchisi Lacetti va Nexia avtomobillarida qatnashadi.

Mehmonlar uchun yana bir Mercedes-Benz S 450 4MATIC (2019) va Benz CDI 515 mikroavtobusi (2020) mavjud.

Viloyatdagi prezident xalq qabulxonasi tasarrufida Saptiva (2017) mavjud.

Navoiy viloyati hokimligi

Navoiy viloyati hokimiga Toyota Land Cruiser, uning besh nafar o‘rinbosariga Malibu, ikki nafariga — Captiva, prezident qabulxonasi rahbariga Captiva avtomobili biriktirilgan.

Avvalroq boshqa viloyatlar hokimlari ham Toyota (asosan Prado) avtomashinalarida yurishi xabar qilingan edi. Sobiq hokim Zoyir Mirzayev Infiniti`dan foydalanishini ma’lum qilgandi.

Toshkent hokimligi

Poytaxt ma’muriyati boshqa vazirlik va idoralar hamda turli davlat korxonalari kesimidagi ma’lumotlarni e’lon qildi, biroq o‘zining balansida qanday mashinalar borligini ko‘rsatmadi.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 30 noyabr kuni fuqaro Latipova Ziyoda Baxromovnaga tegishli Mercedes Benz S500 Hybrid rusumli, davlat raqami 01M798NV bo‘lgan qora rangli yengil avtotransport vositasini hokimlikka ixtiyoriy ravishda beg‘araz (tekinga) berish taklifini qabul qilish haqidagi qarorni imzolagandi.

«Gazeta.uz» manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil aslida Jahongir Ortiqxo‘jayevning o‘ziga tegishli. Ehtimol, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi qarorida davlat xizmatchilarining xizmat avtomobillari qiymati cheklangani tufayli Mercedes-Benz S500 Hybrid avtomobilini «beg‘araz berish»ga qaror qilingandir. Hokimiyat «Gazeta.uz»ga vaziyat bo‘yicha izoh berishni rad etdi.

2021 yilda ishlab chiqarilgan bunday avtomobil narxi Avtoelon.uz saytida 295 ming dollar ko‘rsatilgan. Hokimlar avtomobillari uchun cheklov esa bazaviy hisoblash miqdorining 2000 baravari (540 mln so‘m) etib belgilangan.