Guliston shahar mahalliy budjetining daromadlari hisobidan 50 mln so‘mga Guliston ko‘chasiga sher haykalini o‘rnatish xarajatlari uchun ajratildi. Bu shahar hokimi farmoyishida qayd etilgan.

Bundan tashqari, 50 mln so‘m shahar Jinoyat sudi hojatxona binosini ta’mirlash va qurilish xarajatlari uchun yagona injinering kompaniyasi Sirdaryo viloyat filialiga yo‘naltiriladi.

Farmoyishga muvofiq, 25 mln so‘m mablag‘ shaharning ko‘chalariga tashqi targ‘ibot vositalarini o‘rnatish xarajatlari uchun ajratiladi.

Shuningdek, 38 mln so‘m shahar hokimligining moddiy texnika bazasini rivojlantirish va kredit qarzdorlikni qoplash xarajatlari, 20 mln so‘m mablag‘ Toshkent ko‘chasiga o‘rnatilgan ot haykali tagiga sun’iy chim o‘rnatish xarajatlari uchun ajratiladi.

Ushbu mablag‘lar shahar mahalliy budjetining daromadlari rejasini 3-chorak rejadan oshirib bajarilgan qismi hisobidan moliyalashtirilishi aytib o‘tilgan.