80 dan ortiq davlatdan minglab odamlar, jumladan, ularning oilalari BMT tomonidan terrorchilik guruhi deb ta’riflangan ISHID va boshqa terrorchilik guruhlarga qo‘shilish uchun Suriya va Iroqqa yo‘l oldi. Ba’zi oila a’zolari ixtiyoriy ravishda ularga qo‘shilishgan bo‘lsa-da, boshqalari majburan, manipulyatsiya qilingan yoki oila a’zolari bilan sayohat qilishga yoki ularga ergashishga majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, Suriya va Iroqdagi mojarolarda chet ellik ota-onalardan minglab bolalar dunyoga keldi. BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) qurolli mojaro hududlaridan repatriatsiya qilingan bolalarning hikoyalarini e’lon qildi. Shaxsni himoya qilish uchun ularning ismlari o‘zgartirildi.

«Ota-onam Misrda tikuvchilik fabrikasi ochdi, singlim bilan men arab tili va axborot texnologiyalari bo‘yicha kurslarga qatnashish imkoniga ega bo‘lgan edik. Ammo keyin dadam Suriyaga ko‘chib o‘tishga qaror qildi. Otam vafot etguniga qadar u yerda bir necha yil yashadik. U yerda hayot dahshatli edi. Omon qolganimizdan xursandman», — Ra’no, 17 yosh.

Janglarda ko‘plab xorijiy terrorchi jangchilar halok bo‘lgan bo‘lsa-da, ko‘p sonli odamlar, ayniqsa ayollar va bolalar janglardan qochdi va lagerlarga ko‘chirildi. Ayni paytda lagerlardagi aholining 99 foizini ayollar va bolalar tashkil etadi. Lagerlardagi vaziyat beqaror va yashash sharoitlari yomon. Xavf-xatar va zo‘ravonlik lagerlardagi eng yuqori havf ostidagi aholining zaifligini yanada kuchaytiradi. Suriya, Iroq va Afg‘onistonda yuzlab ayollar va bolalar hibsda qolmoqda.

«Oilamiz akamning ortidan Iroqqa borganida men bir yoshda edim. Akam va otam urushda halok bo‘lgach, onam yana turmushga chiqib, o‘g‘il tug‘di. Oradan uch yil o‘tib, o‘gay otam vafot etdi, onam esa kenja ukam bilan birga qamaldi», — 17 yoshli Karima.

O‘zbekiston hukumati ushbu muammolarni e’tirof etib, BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga muvofiq 531 nafar fuqarosini, jumladan, 381 nafar bolani vatanga qaytardi. O‘z fuqarolariga xavfsiz reabilitatsiya va mahalliy hamjamiyatlarga reintegratsiya qilishda qo‘shimcha yordam ko‘rsatish maqsadida YUNICYeF Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida «Yevropa Ittifoqi va BMTning Markaziy Osiyo davlatlariga qurolli mojaro hududlaridan, birinchi navbatda, Suriya va Iroqdan qaytgan fuqarolari uchun qo‘llab-quvvatlashi» loyihasini amalga oshirmoqda.

Hozirga qadar loyiha doirasida ayollar va bolalarga turli xil yordam ko‘rsatildi. Uy-joy olish, yashash sharoitini yaxshilash, nafaqa, pensiya va imtiyozli kreditlar olishda ko‘maklashish shular jumlasidandir. Ta’lim olish va ishga joylashishda ham ko‘mak berildi.

«2019 yilda onam va singlim bilan O‘zbekistonga qaytdim. Men 8-sinfda o‘qishni boshladim, til bo‘yicha bilimimni oshirish maqsadida turli kurslarda qatnasha boshladim. Tarix, adabiyot, o‘zbek va arab tillarini o‘rganmoqdaman. Men doim Islom universitetiga kirishni orzu qilganman, shuning uchun ham o‘z ustimda ko‘p ishlashga to‘g‘ri keldi. Men astoydil o‘qidim va „Tashxis“ ko‘magida o‘zim xohlagan oliygohga o‘qishga kirdim», — Ra’no, 17 yosh.

«Tashxis» Respublika markazi ma’lumotlariga ko‘ra, bu tashkilotga 343 nafar bola kelgan bo‘lib, ularning 153 nafari maktab yoshidagi, 193 nafari maktabgacha yoshdagi bolalardir. Ayni paytda 161 nafar bola haligacha moslashish bosqichida, ularga psixologik yordam ko‘rsatilmoqda. Afsuski, bolalarning 80 foizida bilim darajasi past, 20 foizining bilim darajasi umuman yo‘q. Shu bois psixologlar va maktab o‘qituvchilari har bir bola bilan ishlashlari uchun individual dasturlar ishlab chiqildi.

Psixologlarning bolalar bilan ishlash usullaridan biri — rasm chizishdir. Qurolli mojarolar hududlaridan qaytgan bolalardan o‘z orzularini, dunyoni qanday ko‘rishlarini suratlarda tasvirlash taklif qilindi.

«Yashil uy». Rasmni Suriyadan qaytgan 11 yoshli bola chizgan. U o‘z oilasiga qayti. U 2020−2021 o‘quv yilini yaxshi natijalar bilan yakunlagan xushmuomala va muloqotni yaxshi ko‘radigan bola. U futbol o‘ynaydi va sportchi bo‘lishni orzu qiladi. Bahor kelishini kutgani bois u atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan tabiat qo‘ynidagi yashil uyni chizdi.

«Olma daraxti». Rasmni Suriyadan keltirilib, oilasiga qaytgan 7 yoshli birinchi sinf bitiruvchisi chizgan. U juda qiziquvchan bola, nimani ko‘rsa, o‘shandan hayratda qoladi. Bola o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunladi, chunki u o‘quv yili boshlanishidan oldin qo‘shimcha ta’lim olgan edi.

«Minora». Rasmni Suriyadan qaytgan 10 yoshli bola chizgan. U bir oz uyatchan va tezda muloqotga kirishmaydi, lekin maktabda yaxshi o‘qiydi va sinfda uni yaxshi ko‘rishadi. Uning rivojlangan tasavvur qilish qobiliyati o‘zini qulay va xotirjam his qiladigan o‘z dunyosini yaratishga yordam beradi. Bola oilasi bilan yashaydi. Uning reintegratsiyasi yaxshi o‘tmoqda. U faoliyatning barcha turlarini muvaffaqiyatli o‘zlashtiryapti.

«Kapalaklar». Rasmni Suriyadan keltirilib, oilasiga qaytgan 12 yoshli qiz chizgan. U 2020−2021 o‘quv yilini muvaffaqiyatli tamomlagan juda tirishqoq va quvnoq o‘quvchi. Hozirda sinf hayotida faol ishtirok etib, muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirmoqda. U ko‘p o‘ylaydi, orzu qiladi va barcha go‘zal narsalarni yoqtiradi. Qiz har doim o‘z muvaffaqiyatidan xursand bo‘lib, boshqalar bilan muloqot qilishni va zavqlanishni yaxshi ko‘radi.

Xalq ta’limi vazirligi bolaning ta’lim darajasini aniqlashda ularning o‘z tengdoshlari bilan qayta integratsiyalashuvi va muloqot qilish jarayonini osonlashtirish maqsadida ta’lim darajasi past bo‘lishiga qaramay, ularning yoshiga qarab aniqlashga harakat qiladi. Asosiy vazifa bolaga atrofdagilar, xusuasan sinfdoshlari, o‘qituvchilari bilan muloqot qilishni va hayotiy ko‘nikmalarni o‘rgatishdir.

Yaqinlarining o‘limi, zo‘ravonlik, qayg‘u, qo‘rquv va boshqa ruhiy jarohatlarni boshdan kechirish bolalar uchun juda og‘ir. Ba’zi bolalarda hissiy va xulq-atvor muammolari, ruhiy kasalliklar, xususan travmadan keyingi stress, depressiya va havotir tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Bunday holatlarda ular alohida yondashuv zarurdir.

«Onam va ukamning taqdiri meni hayratda qoldirdi. Men hech kim bilan gaplashishni xohlamas edim. Har kuni dahshatli tushlar ko‘rardim va uxlay olmasdim. O‘tmishni unutolmas edim, xotiralarim meni tinch qo‘ymas edi», Karima, 17 yosh.

Ayni paytda loyiha doirasida O‘zbekistondagi bolalarni ijtimoiy himoya qilish sohasi mutaxassislari tomonidan harbiy mojarolar hududlaridan qaytgan bolalar va oilalarga sifatli yordam ko‘rsatish maqsadida oilalar bilan ishlash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Respublika «Tashxis» markazi mazkur bolalar ta’lim olayotgan o‘nta umumta’lim maktablarida qo‘llab-quvvatlash markazlarini tashkil etilishga yordam berdi. Markazlarda turli yoshdagi bolalarga psixologik yordam olish, hayotiy ko‘nikmalarniyaxshilash, mahalliy aholiga moslashish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, ushbu bolalarning ota-onalari va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchilar o‘z ruhiy salomatligini saqlash va bolalarni tarbiyalashda yordam olishlari mumkin.