Birlashgan millatlar tashkilotining Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasi 2023 yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan ko‘hna shahar 2023 yili jahon turizm poytaxti bo‘ladi.

Bu Ispaniyaning Madrid shahrida bo‘lib o‘tayotgan UNWTOning 24 sessiyasida ma’lum qilindi, deb «Gazeta.uz»ga Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov nutq so‘zlagan.

«Shunisi diqqatga sazovorki, tarixda birinchi marta BMT tarkibiga kiruvchi tashkilotning Bosh assambleyasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Bularning bari prezidentimizning olib borayotgan siyosatlari, turizm sohasini rivojlantirish hamda bu orqali mamlakatimizning jahon sahnidagi nufuzini oshirish yo‘lidagi sa’y harakatlari natijasidir. Ta’kidlash lozimki, UNWTO 25 Bosh assambleyasining qadimiy Samarqandda o‘tkazilishi bu yerga mingdan ortiq xorijlik mehmonlarning tashrif buyurishi hamda bu orqali mahalliy aholi va hunarmandlarning daromad ko‘rishiga olib keladi», — dedi Aziz Abduhakimov.

2023 yilda UNWTO Bosh assambleyasini o‘tkazish uchun O‘zbekiston va Portugaliya da’vogarlik qilgandi. Ovoz berish jarayoni yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston yaqqol ustunlik qilgan va Bosh assambleyani o‘tkazish joyi etib Samarqand shahri tanlangan.

Ushbu nufuzli tadbirni o‘tkazish maqsadida Samarqanddagi eshkak eshish kanali qirg‘og‘idagi 212 gektar maydonda Samarkand Touristic Centre bunyod etilmoqda. U yerda New Renaissance kongress-xolli, mehmonxonalar, restoranlar, dam olish maskanlari, savdo markazlari, amfiteatr, «Mangu shahar» kabi inshootlar ham quriladi. Ushbu obyektlarni 2022 yilning birinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, UNWTO Bosh assambleyasi ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Qayd etilishicha, hozirga qadar BMT oilasiga kiruvchi tashkilotlar Bosh assambleyasi O‘zbekistonda o‘tkazilmagan.