Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksi loyihasida «korrupsiyaga oid jinoyatlar» tushunchasiga aniq ta’rif berilmoqda va 15 turdagi jinoyatlar bu toifaga kiritilmoqda.

Xususan, endilikda, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish yoki firibgarlik jinoyatlarini mansab mavqeini suiiste’mol qilish yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etganlik uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritilmoqda. Hozirgacha bu turdagi jinoyatlarga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan.

Taklif etilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, endi pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlari uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.

Qolaversa, poraxo‘rlik jinoyatlarini sodir etgan shaxslar jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilinmaydi va jazo yengilrog‘i bilan almashtirilmaydi.

Mazkur o‘zgartishlar prezidentning 6 iyuldagi farmoni asosida kiritilmoqda. Unda Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash, korrupsiya uchun jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilishgacha keskin kuchaytirish nazarda tutilgandi.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari 29 maydagi videoselektor yig‘ilishida odamlar O‘zbekistonda korrupsiya yo‘qligiga ishonishi kerak deya ta’kidlagandi. «Endi tizim bundan ham qattiq bo‘ladi, mana shuni bilinglar. Qonun ustuvor — jazo muqarrar bo‘lishi kerak», — deya ta’kidlagandi Shavkat Mirziyoyev.