Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekov koronavirusning yangi turi «Omicron» bo‘yicha o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

«Viruslar — oddiy, hujayrasiz organizmlar, — deydi Nurmat Otabekov. — Ularda o‘zgaruvchanlik yuzaga kelishi tabiiy hol. Masalan, hozirgacha koronavirusning qo‘zg‘atuvchisi, ya’ni SARS-CoV-2ning 7 mingdan ziyod mutatsiyaga uchragan shtammlari aniqlagan. „Omicron“ ham shulardan biri».

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston yangi shtammning tarqalish o‘chog‘i bo‘lgan Janubiy Afrika davlatlari bilan bevosita aviatsiya aloqalari o‘rnatmagan bo‘lsa-da, ushbu kasallik ikkinchi va uchinchi mamlakatlar orqali kirib kelishi ehtimoli yo‘q emas.

«Yangi shtamm uchun alohida protokol ishlab chiqish masalasini, albatta, vaqt ko‘rsatadi. Shunga qaramay, mavjud diagnostika, davolash va profilaktika imkoniyatlaridan samarali foydalanish bu virus turiga qarshi ham natija beradi, deb hisoblayman», — dedi mutaxassis.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan davrda O‘zbekistonda COVID-19`ni davolash bo‘yicha katta tajriba to‘plangan.

«Bu haqli ravishda xalqaro miqyosda ham e’tirof etilyapti. Shu ma’noda, muolaja jarayonlarini belgilangan davolash standartlari asosida olib borsak, kasallik qanday intensivlikda tarqalmasin, asoratlarsiz tuzalib ketishiga zamin yaratish mumkin», — deydi SEO rahbari o‘rinbosari.

Uning aytishicha, karantin bilan bog‘liq profilaktik choralar bekor bo‘lgani yo‘q. «Ammo odamlar tibbiy niqob taqish, ijtimioy masofa saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi oddiy qoidalarga ham yetarlicha amal qilmay qo‘ygani achinarli holat», — dedi u.

Professorning fikricha, «jamoaviy immunitetni shakllantirish, ya’ni ommaviy emlanish ko‘rsatkichlarini oshirish orqali ham epidemiologik vaziyatni barqaror saqlab turish mumkin».

«Chunki vaksinalar SARS-CoV-2ning har qanday mutatsiyaga uchragan shtammida samara beradi. Hatto yangi shtammni yuqtirib olgan holatda ham barcha dozada emlanganlarda kasallik yengil va jiddiy asoratlarsiz o‘tadi», — dedi Nurmat Otabekov.

Qolaversa, mamlakatda ayni paytda aholiga ixtiyoriy ravishda buster-doza bilan emlanishlari uchun imkoniyatlar yaratib berilgani tilga olingan.

«Yurtimizga koronavirusning turli shtammlari har safar xorijdan qaytgan fuqarolarimiz orqali kirib kelganini hisobga olsak, ayni kunlarda kasallik tarqalayotgan mamlakatlarga zarurat bo‘lmasa, vaqtincha bormaslikni tavsiya qilamiz», — dedi u.

Ayni vaqt O‘zbekistonda aholini emlashda jami 6 turdagi — AstraZeneca, ZF-UZ-VAC2001, «Sputnik V», Moderna, Pfizer/BioNTech hamda Sinovac vaksinalaridan foydalanilmoqda.

Avvalroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Janubiy Afrikada aniqlangan koronavirusning yangi shtammiga Omikron deb nomlagani va uni «xavotirli variant» deb tasniflagani haqida yozgan edik.