26 noyabr kuni prezident tomonidan «Muzeylar to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun imzolandi, deb xabar berdi Madaniy meros agentligi.

Kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, muzeylarga ularni tashkil etish maqsadlariga mov bo‘lgan faoliyat turlarini o‘z ta’sis hujjatlariga muvofiq amalga oshirishga ruxsat berilmoqda.

Bunda muzeylar muzey ashyolari va kolleksiyalari but saqlanishini ta’minlaydi.

Davlat muzeylariga pulli xizmatlardan, xayriyalar va boshqa manbalardan kelib tushadigan mablag‘lar kelgusi yil uchun budjetdan moliyalashtirish miqdorini belgilashda hisobga olinmasligi va kamaytirilmasligi belgilanmoqda.

Mablag‘lar davlat muzeylarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, ilmiy salohiyatini oshirish va ularni targ‘ib qilish hamda qonunchilikda belgilangan boshqa maqsadlar uchun sarflanishi mumkin.

Amaldagi «Muzeylar to‘g‘risida»gi qonunda (2008 yil) muzeylar notijorat madaniyat muassasasi ekanligi belgilangandi. Bu esa o‘z navbatida muzeylarning pulli xizmatlar ko‘rsatishi va boshqa tijoriy faoliyatini amalga oshirishga ta’sir ko‘rsatib kelgan.

Ma’lumot o‘rnida, hozirda respublikada 124 ta muzey faoliyat olib bormoqda, shundan 116 tasi davlat va 8 tasi nodavlat muzey hisoblanadi.

Qonun rasman e’lon qilingan kundan kuchga kirdi.