O‘zbekiston shu yilning yanvar-oktabr oylari davomida qiymati 12 mln dollariga teng bo‘lgan 613 dona elektromobil import qilgan, deb xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, elektromobil importi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 526 donaga yoki qariyb 7 baravarga oshgan.

O‘zbekiston 10 oy davomida jami 9 ta davlatdan ushbu turdagi avtomobillarni import qilgan. Jumladan, elektr transport vositalarining eng ko‘pi Xitoydan import qilingan — 551 dona. Elektromobillarning qolgan qismi esa Turkiya — 24 dona, Litva — 13 dona, Germaniya — 9 dona, AQSh — 7 dona, Janubiy Koreya — 5 dona, Ispaniya — 2 dona, Rossiya — 1 dona va Gongkongga — 1 dona to‘g‘ri kelmoqda.

Shuningdek, oktabr oyining o‘zida xorijdan 55 ta shu turdagi mashinalar import qilingan. Ushbu xarid uchun O‘zbekiston 1,5 mln dollar sarflagan.

Bundan oldin 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga 9 ta xorijiy davlatdan qiymati 10,5 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 558 ta elektromobil import qilingani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida «Gazeta.uz» Farg‘onada yil oxirigacha elektromobillarni yig‘ish yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgani haqida yozgan edi. 520 mlrd so‘mlik qiymatga ega investitsion loyiha prezident ishtirokidagi yig‘ilishda taqdim etilgandi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 520 mlrd so‘m bo‘lib, obyektning ishga tushirilish vaqti 2021 yilning noyabr oyiga belgilanganligi aytilgan edi.