Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan O‘zbekiston Adliya vazirligiga qarashli X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi binolaridan biri buzilishi xavfi ostida ekanligi aytilmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz"ga poytaxt hokimligidagi manba va yana ikki manba xabar qildi.


Respublika sud ekspertizasi markazi binosi. Foto: Google Images, 2021-yil, avgust.

Sud ekspertizasi markazi avval Chilonzor tumanida, “Novza” metro bekatidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda joylashgan edi. 2019-yilning mart oyida Prezident qarori bilan markaz uchun ma’muriy bino, sud ekspertlarining malakasini oshirish o‘quv markazi, materiallar, moddalar va mahsulotlarning sud-tibbiy ekspertizasi laboratoriyasi va inson DNKsining sud-biologik ekspertizalari uchun laboratoriyani o‘z ichiga olgan to‘rtta korpusdan iborat yangi ixtisoslashtirilgan majmua qurilgan edi.


Taxmin qilinayotgan buzilish Farg‘ona yo‘li bo‘yida joylashgan binoni o‘z ichiga oladi. Foto: Google Earth, 2021-yil, iyul.

Respublika sud ekspertizasi markazi matbuot kotibi Saidillaxo‘ja Saidxo‘jayev “Gazeta.uz"ga, yil boshida yangi ma’muriy bino qurilishi boshlangani, iyun oyida xodimlar o‘sha yerga ko‘chib o‘tganini ma’lum qildi. Bir oy muqaddam hozirgi sobiq ma’muriy binoning fasadi va yon qismlari maxsus mato bilan qoplanganligi buzib tashlanishi to‘g‘risidagi mulohazalarga sabab bo‘lgan edi.


Foto: Shuhrat Latipov / “Gazeta.uz”, 23-noyabr, 2021-yil.

Markaz vakilining so‘zlariga ko‘ra, binolar majmuasi haligacha Toshkent hokimligi balansida bo‘lgani sababli markazda ma’muriy binoning keyingi taqdiri va qurilish ishlarining qiymati to‘g‘risida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.

“Gazeta.uz” poytaxt hokimligi matbuot xizmatiga so‘rov yuborgan, biroq javob olmagan.

Markaz yaqinida nima qurilmoqda

“Gazeta.uz” muxbiri Respublika sud ekspertizasi markazi joylashgan hududda bo‘ldi. Markazning har ikki tomonida yirik biznes majmualari qurilmoqda.


Foto: Shuhrat Latipov / “Gazeta.uz”.

Markazning chap tomoni Ozun Tashkent Construction`ga (asoschisi — Olmazor City investori hisoblangan Ozun Insaat Yatirim Danishmanlik Anonim Sirketi) tegishli Bizning Uylar Development savdo belgisi ostidagi Alfraganus savdo kvartali loyihasining bayrog‘i tushirilgan to‘siq bilan o‘ralgan.

Alfraganus savdo ofisi va loyihaning subpudratchisi sifatida faoliyat yurituvchi Discover Invest kompaniyasining ma’lum qilishicha, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi binolari joylashgan hududning Discover Invest va Bizning Uylar Development kompaniyalariga hech qanday aloqasi yo‘q.


Respublika sud ekspertizasi markazidan 300 metr masofada Orient City biznes-parki, shuningdek, Golden House`dan biznes-klassdagi kvartiralar qurish rejalashtirilgan.

Geoportal va Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Ko‘chmas mulk huquqlar davlat reyestri ma’lumotlariga tayanib xulosa qilish mumkinki, Alfraganus va Orient City loyihalari o‘nlab gektar maydonni egallaydi.


2020-yil 24-fevralda Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar davlat reyestrida 121,5 ming kvadrat metr (12,1 gektar) yer maydoni Altair Building Partners kompaniyasi hisobiga ro‘yxatga olingan. Ro‘yxatga olish kitobida huquq turi ko‘rsatilmagan.


Maydoni 115,1 ming kvadrat metr (11,5 gektar) bo‘lgan ikkinchi yer uchastkasi 2020-yil 28-mayda xuddi shu kompaniya hisobiga ro‘yxatga olingan. Bu holatda ham huquq turi ochiqlanmagan.


Manba: Geoportal.

Orient City loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan 61,8 ming kvadrat metr (6,1 gektar) maydon, reyestrda 2021-yil 14-iyunda ro‘yxatga olingan. Egasi — Unique Creation, huquq turi — ijara.

Ta’kidlash joizki, mazkur hududlar Sud-tibbiyot ekspertizasi markazi hududiga kirmaydi.

Altair Building Partners va Unique Creation kompaniyalari haqida


USRPO ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, Altair Building Partners 2019-yil 7-yanvarda Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyat turi — turar-joy bo‘lmagan binolarni qurish. Ustav kapitali — 249,3 mlrd so‘m.

Kompaniya ta’sischilari sifatida turkiyalik Altair Insaat Yatirim Gelistirme Anonim Sirketi (44,6%) va Anvar Nasirovich Mirahmedov (55,4%) ko‘rsatilgan, rahbari — Behruz Ravshan o‘g‘li.


Qurilish va pudrat tashkilotlarining onlayn reytingida kompaniya ishonchlilikning №2 qoniqarli darajasi (25% dan 30% gacha) bilan CC toifaga mansub Reytingda bunday kompaniyalar soni 9431 ta.


Unique Creation 2021-yil 24-mayda Toshkentda ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — turar-joy binolari qurilishi. Ustav kapitali — 71,8 mlrd so‘m. Ta’sischilar sifatida Turkiyaning Golden House Development (99,2%) firmasi va Boris Borisovich Yakovlev (0,8%) ko‘rsatilgan, rahbari — Davron Azamovich Fayzimatov.


Qurilish va pudratchilarning onlayn reytingida kompaniya ishonchlilikning №3 eng past darajasi (0% dan 5% gacha) bilan eng past D toifaga mansub. Reytingda jami 16 ta shunday kompaniya mavjud.