O‘zbekistonda tabiiy ofatlar har yili o‘rtacha 1,4 million kishilar hayotiga ta’sir o‘tkazadi. Natijada yetkazilgan zarar yiliga qariyb 3 mlrd dollarni tashkil etadi. Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Jahon banki va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi bilan birgalikda o‘tkazgan davra suhbatida ma’lum qilindi.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan tabiiy ofatlar xavfi ta’sirini kamaytirish va yumshatish hamda tabiiy ofatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy-moliyaviy zararlarning oldini olishga qaratilgan davlat investitsiyalari va institutsional islohotlarning kompleks dasturi orqali tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish imkoniyatlari va istiqbollari o‘rganib chiqildi.

Qayd etilishicha, prognozlar «iqlim o‘zgarishi natijasida tabiiy ofatlar, ayniqsa qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va ko‘chkilar xavfi ortishini» ko‘rsatadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yirik suv toshqini mamlakat YAIMning taxminan 5 foiziga zarar yetkazishi mumkin. Shuningdek, kuchli qurg‘oqchilik ham xuddi shunday darajadagi iqtisodiy ta’sirga ega bo‘lishi ta’kidlangan.

«O‘zgidromet» prognozlariga ko‘ra, mamlakatda iqlim o‘zgarishlari qanday rivojlanishi va iqlim o‘zgarishini yumshatish maqsadida amalga oshirilgan ishlarga bog‘liq holda, kelgusi asrda harorat yana 1,5°C — 3 °C ga ko‘tarilishi mumkin.

«O‘zbekiston hukumati gidrometeorologik xizmatlarni, xususan, «O‘zgidromet»ni modernizatsiya qilish muhimligini qayd etdi. Jahon banki ushbu uzoqni ko‘zlagan yechimni qo‘llab-quvvatlaydi va «O‘zgidromet»ga optimal sifatli xizmat ko‘rsatishga yordam beradigan eng yangi texnologiyalarni joriy etishda yordam berishga tayyor», — deya ma’lum qildi Jahon bankining tabiiy ofatlar xavfini boshqarish bo‘yicha katta mutaxassisi Daniel Kull.

Ma’lumot uchun, davra suhbati 2021 yil avgustidan 2022 yil yanvarigacha Toshkentda onlayn va oflayn rejimda o‘tkazilayotgan O‘zbekistonda «yashil» o‘sish va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha o‘n bitta strategik muloqotlar turkumi doirasida tashkil etilgan.

Muloqotlar davomida O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish, xususan, mamlakatni kam uglerodli sanoat va iqtisodiyotni qurishda qo‘llab-quvvatlash, iqlim o‘zgarishiga qarshilik ko‘rsatish, yashil moliyalashtirishni safarbar etish bo‘yicha ko‘rilishi lozim bo‘lgan va ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan.