2022 yilda «snos"lar uchun kompensatsiyaga budjetdan 500 mlrd so‘m ajratiladi. Bu haqda Moliya vazirligi tomonidan taqdim qilingan 2022 yil uchun budjetnoma loyihasida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, 2022 yilda Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha jamg‘armasiga Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasi mablag‘larining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda, ya’ni respublika budjetidan 500 mlrd so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

«Ko‘rib turipsizki, 2022 yilda „snos“ operatsiyalari ko‘lami ortsa ortadi-ki, aslo kamaymaydi», — deya yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z Telegram kanalida.

Ma’lumot uchun 2021 yilda bu yo‘nalishdagi xarajatlar uchun 273 mlrd so‘m ajratilgan. 2020 yilda esa 215,8 mlrd so‘m «snos»dan ko‘rilgan zararlarni qoplashga yo‘naltirilgan.

Avvalroq, bino va inshootlarning buzilishi munosabati bilan hokimiyatlar tadbirkorladan 123 mlrd so‘m qarzdor ekanligi haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura 2020 yilda «snos"lar tufayli buzilgan mulklarning 55 foiziga kompensatsiya to‘lanmaganini ma’lum qilgandi.