19 noyabr kuni AOKA majlislar zalida Oliy Majlis Senati a’zolari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Kun.uz muxbiri Senat tomonidan 5 oy oldin ma’qullangan “Davlat tili to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonunning keyingi taqdiri bilan qiziqdi. Ushbu qonun 26 iyun kuni Senat yalpi majlisida ma’qullangan edi.

Foto: Senat rasmiy saytidan skrinshot

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov bu qonun yangi tahrirda Senatga hali kirmaganini bildirdi (video).

““Davlat tili to‘g‘risida"gi qonun yangi tahrirda bizga kirmagan. Buni kimlardir ishlayotganidan xabarimiz bor. Lekin bu hali loyiha sifatida ham ko‘rilmagan. Ma’lumotingiz uchun, Qonunchilik palatasidan bizga hali kirib kelmagan”, — dedi Umarov.

Narimon Umarov. Foto: Xabar.uz

Shundan so‘ng jurnalist tushunmovchilik bo‘layotgani, ushbu qonun Senatda allaqachon ma’qullanganini tushuntirishga urindi. Ammo Narimon Umarov yanglishmayotganini qat’iy ta’kidladi.

“Biz kecha-kunduz Senatda o‘tirib ishlaymiz, siz esa yodingizga bir kelganda Senat bilan gaplashasiz. Kirgan bo‘lsa, aytardik. Kirgan derdik. Qonunchilik palatasidan so‘rang. Bizda yo‘q. Nima, yosh bolaga o‘xshab bir-birimizni aniqlashtiramizmi endi? Kimdir saylov oldidan qonunda o‘zgarish qilaman deb yuribdi, lekin bu hali o‘zgarish degani emas. U qonun hali kirishi kerak, loyiha sifatida qabul qilinishi kerak”, — dedi Senat a’zosi.

Qonunchilik palatasi “Davlat tili to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni Senat tomonidan ma’qullanishidan bir oy avval, 24 may kuni qabul qilgan edi. Qonun kuchga kirishi uchun prezident uni imzolashi kerak.


Matbuot anjumanida 10 dan ortiq senator, jumladan, qo‘mita rahbarlari ishtirok etdi. Savolga boshqa hech kim izoh bermadi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida batafsil yozgan edi.